Toshkent viloyati Zangiotada tumanida joylashgan uyda yong‘in kelib chiqdi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Qayd etilishicha, 5-may kuni soat 11:01 da Toshkent viloyati Zangiota tumani “Olmazor” mahallasida joylashgan xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 5 ta yong‘in-qutqaruv guruhlari bir necha daqiqada voqea joyiga yetib borgan.
Yong‘in natijasida xonadonning 250 kvadrat metr maydoni zararlangan. FVVning tezkor va samarali harakatlari tufayli yong‘in qisqa vaqt ichida bartaraf etildi. Yong‘indan xonadonning 300 kvadrat metr maydoni saqlanib qolingan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Bundan avval Xorazmdagi dehqon bozorida, Toshkentdagi sobiq “TAPOiCh” hududida hamda Yakkasaroydagi sintepon ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.