“Barselona” hujumchisi Lionel Messi La Liga 34-turi doirasida 2-may kuni “Valensiya”ga qarshi kechgan bahsda (3:2) penaltidan foydalana olmadi.

Foto: Twitter

Argentinalik futbolchi 57-daqiqada 11 metrlik jarima zarbasini ijro etdi, darvozabon Yasper Sillessen uni qaytardi, biroq Messi ikkinchi tempdagi hujumni golga aylantirdi.

Messi faoliyati davomida 29 marta penaltidan unumli foydalana olmadi (o‘yindan keyingi penaltilar seriyasini inobatga olganda). Futbolchi jami 132 marta penalti ijro etgan.

Messi bu borada “Yuventus” forvardi Krishtianu Ronalduga tenglashib oldi. Portugaliyalik futbolchi 170 urinishda 29 ta xato qilgan.

Messi joriy mavsum La Ligada 32 o‘yin o‘tkazib, 28 ta gol va 9 ta golli uzatma muallifiga aylandi. Ronaldu esa A Seriyadagi 30 uchrashuvda 27 ta gol va 3 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!