Uels terma jamoasi bosh murabbiyi va “Manchester Yunayted” sobiq yarim himoyachisi Rayan Giggzga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Buyuk Britaniya prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib, Sky Sports xabar qildi.

Foto: Twitter

Giggz 2020-yilning noyabrida Uorslidagi uyida sobiq qaylig‘i Keyt Grevillga tan jarohati yetkazganlikda ayblanmoqda. Shuningdek, sobiq futbolchi o‘sha voqea paytida 20 yoshli qizga ham hujum qilgani aytilmoqda.

Bundan tashqari Giggz sobiq sevgilisini 2017-yilning dekabridan 2020-yil noyabriga qadar majburlab ushlab turish va nazorat qilishda ayblangan.

Giggz garov evaziga ozodlikka chiqarilgan, uning ishi sudda 28-aprel kuni ko‘rib chiqiladi.

Ushbu holat yuzasidan Uels futbol assotsiatsiyasi mutaxassisni terma jamoa bosh murabbiyligidan vaqtincha chetlatdi. Rayan Yevro—2020 musobaqasida terma jamoa bilan birga ishtirok eta olmaydi.

Giggzning o‘zi ushbu ayblovlarni butkul inkor qilmoqda va o‘z nomini oqlab olish harakatida ekanini ma’lum qilgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!