O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil davomida besoqolbozlik bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, hozirda qamoqxonalarda saqlanayotgan shaxslar soni 49 nafarni tashkil etadi, deya Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga tayanib “Qalampir.uz” xabar qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu jinoyat turi bilan Jinoyat kodeksining 120-moddasiga ko‘ra javobgarlikka tortilgan shaxslar 2016—2020-yillar kesimida quyidagicha keltirilgan:

  • 2016-yilda — 6 nafar;
  • 2017-yilda — 15 nafar;
  • 2018-yilda — 7 nafar;
  • 2019-yilda — 7 nafar;
  • 2020-yilda — 9 nafar.

Ushbu moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlarga nisbatan chiqarilgan sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan so‘ng ular o‘rnatilgan tartibda tayinlangan jazo turiga qarab, jazoni ijro etish koloniyalariga yuboriladi.

Shuningdek, me’yoriy hujjatlar talablariga asosan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar tomonidan huquqbuzarliklar takroriy sodir etilishining oldini olish hamda ularning xulq-atvorlarini psixologik jihatdan o‘rganish, ko‘nikish davrida moslashishga ruhiy jihatdan yordamlashish maqsadida ularga psixolog xizmati ko‘rsatiladi. Ushbu xizmatlar bu toifadagi mahkumlar bilan doimiy va individual tarzda olib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lgan faollar 28-mart kuni o‘z noroziliklarini bildirish maqsadida Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni oldida to‘plangandi. Keyinroq Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati LGBT faollariga qarshi norozilik holatidan so‘ng 12 kishi ushlanganini ma’lum qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sherbek Bo‘ronov, Gulbahor Saydg‘aniyeva va Gulruh Agzamova so‘nggi kunlarda Toshkentda yuz bergan voqealarga o‘z munosabatlarini bildirdi.

Deputat Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotiga qarshi “yumshoq jazo”ni kuchaytirishga, Rasul Kusherbayev esa provokatorlarga chora ko‘rishga chaqirdi. Keyinroq LGBT huquqlarini himoya qilgan bloger Miraziz Bozorov o‘z uyi oldida do‘pposlab ketilgani ma’lum qilindi.

Ushbu mojarolar haqida 30-mart kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham munosabat bildirib, xalqaro tashkilotlarni O‘zbekiston yoki boshqa har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishga chaqirdi. AOKA esa LGBT mojarolari hamda shu bilan bog‘liq voqealar yuzasidan bloger va ijtimoiy tarmoq faollariga murojaat qildi.

Bundan tashqari, BMT Toshkentda sodir bo‘lgan “xavotirli voqealar”ni xolis tergov qilishga chaqirdi.