Bir kuni Farg‘onadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: “Rishtonda 107 yoshni to‘ldirgan tabarruk onaxon bor. To‘ng‘ich qizlari 80 ga, kenja o‘g‘il 71 ga kirgan, eng katta nevara nafaqaga chiqqan, yuzdan ziyod chevaralari bor... Yozmaysizmi?” deb. Darrov rozi bo‘ldim (107 ga kirish osonmi?!) va daftar-ruchkani qo‘ltiqlab, aytilgan manzilga otlandim.

107 yoshga kirgan To‘xtabuvi Isomiddinova

Foto: “Daryo”

Rishton tumani Bog‘iston–1 mahalla fuqarolar yig‘inida bizni onaxonning kenja o‘g‘li – 71 yashar Ahmadjon aka Isomiddinov kutib oldi. Bog‘istonliklar bog‘dorchilikda qo‘li gul bo‘ladi. Har yili tonnalab gilos, o‘rik yetishtirib, xorij bozorlariga jo‘natishadi. Ahmadjon akaning xonadonida ham manzara juda chiroyli: turli-tuman mevali daraxtlar, ko‘kat-u gullar serob. Faqat sug‘orish uchun har doim ham suv bo‘lmasligi chatoq ekan.

Murodimizni eshitib, Ahmadjon aka To‘xtabuvi yotgan xonaga boshlab kirdi. Yuzdan oshib, har kim ham yetolmaydigan tabarruk yoshni to‘ldirgan onaxonning ancha tetik, bardamligi bir ko‘rganni hayratlantirmay qo‘ymaydi. Menam taajjubimni yashirolmadim. Oldimdagi hamrohlarim ham so‘z topolmay qolishdi. Og‘izdagi hamma tish tushib, qarilik jamiki hunar-nag‘masini ko‘rsatganiga qaramay, To‘xtabuvi 80-90 yashar kampirlardan-da tiyrak, jonsarak. Uyga kim kelib, kim ketayotgani, yo‘qlov-chorlovlar – hammasidan xabardor bo‘lib turarkanlar.

Ammo qarilik qariligini qilib, xotira xiyla pasaygan, eshitish, ko‘rishda ham muammolar endi-endi yuzaga qalqiyotgan, et ustixonga tobora yopishib, badanga har xil yara-chaqa toshayotgan ekan.

– Quloqlashtirish siyosatidan onamiz bilan otamiz ham chetda qolishmagan. To‘da qishlog‘idagi bobomizdan meros jamiki mol-mulk, dov-dastak musodara qilinadi. 1939-yili 28 ga kirgan otamiz Komiljon Isomiddinovga “Yo otilasan, yo bosh olib ket!” degan talabni qo‘yishgan. Shu yili bir ilojini topib, Tojikiston orqali Surxondaryoga o‘tib ketishga, beomon surgundan amallab qochishga ulguradi. Sal o‘tib onamiz ham bola-baqrani bag‘riga bosib, otamiz ortidan ketadi, – deya savollarimizga Ahmadjon aka batafsil javob beraverdi. – Otamiz ro‘zg‘orni butlash, qahatchilig-u yo‘qchilikdan eson-omon chiqish uchunam “Oq oltin” nomli kolxozdan beri kelmay ishlayvergan. Olti qiz, ikki o‘g‘ilni kolxozda ketmonchilik, guruh boshlig‘i, keyin rais bo‘lib voyaga yetkazgan. Onamiz ham 60 yil o‘sha kolxozda ketmon chopadi, paxta ekadi, pilla, qurt tutib, egatlarga suv taraydi – yer nimani so‘rasa, barini o‘rinlataveradi. Otamiz bilan qiz-o‘g‘illarni o‘zlari bilan birga kelgan qon-qarindosh, yetim-yesirga nikohlatib-uzatib, yashayveradilar.

1914-yili Rishtonning To‘da qishlog‘ida tug‘ilgan To‘xtabuvi Isomiddinova shu yoshga yetguncha juda ko‘p qiyinchilik, sinovlarni boshdan o‘tkazgan, hatto Surxondaryoga ketayotganda ham qo‘lida biror hujjat, tug‘ilgan manzili qayd etilgan parcha qog‘oz ham bo‘lmagan ekan. Fuqarolik pasporti ham zamon ancha tinchigach, suvlar oqib, izlar bosilgach olingan ekan. Hozir onaxonning to‘ng‘ich farzandi 80 ni, eng kenjasi esa 71 yoshni qarshilagan. Sakkiz farzand va to‘ng‘ich nevara To‘xtabuvi boshchiligida – nafaqada.

To‘xtabuvi Isomiddinovaga berilgan pasport

Foto: “Daryo”

Tug‘ilib o‘sgan joyingdan uzoqda yashash baribir qiyin. Yaqinlaringni sog‘inganingda ko‘rolmaslik ikki karra og‘ir. Uzoq yillar tug‘ishganlardan ayro yashagan onaxon turmush o‘rtog‘i qazo qilgach, 2001-yili farzandlari bilan Farg‘onaga qaytishadi. To‘xtabuvi bir o‘zi 2018-yilgacha Farg‘ona shahri H.Sulaymonov ko‘chasidagi uyida viloyat hokimligi ajratgan shifokor va hamshira nazoratida yashab, 103 yoshni qarshilagach, kenja o‘g‘ilning Rishtondagi hovlisiga ko‘chib keladi.

– Ayam juda serharakat, tinim bilmas ayollardan bo‘lgan – deydi To‘xtabuvining kenja kelini Onaxon aya. – Surxondaryodan qaytgach, biz bilan kelib yashang, deb rosa yalindik. Unamadilar. “Hovlingizda tosh ko‘p! Bormayman!” deb Farg‘onadagi uylaridan beri chiqmadilar. Olti qaynopam shaharda turgani uchunam kelolmadilar, shekilli. To‘rt yil avval bir amallab ko‘ndirib, ilojini topib, olib keldik. Hozir ikki kelinim ham qaynonamning xizmatida. Odam qarigach, yana tishi chiqadi, sochi xuddi yoshlikdagidek qorayadi, deyishardi. Ayamning hali tishlari chiqmadi, lekin mana, sochlari qaytadan – xuddi atayin bo‘yagandek qora bo‘lib chiqyapti.

To‘xtabuvi ayaning kenja o‘g‘li Ahmadjon Isomiddinov va turmush o‘rtog‘i Onaxon aya Isomiddinova

Foto: “Daryo”

107 yoshida ham bardamligini yo‘qotmagan To‘xtabuvi qo‘shig‘-u, yoshlikda o‘rgangan she’rlarni aytishni xush ko‘rarkanlar:

Olma pishganda keling,

Tagiga tushganda keling,

O‘rim-o‘rim sochlarim

Belga tushganda keling.

Ko‘pga orzu bo‘lguvchi yoshga yetgan, 60 nevara, yuzdan ziyod chevara, 35 evara, duvaralarga, agar bari bir yerga yig‘ilsa, hayhotdek hovliga sig‘maydigan avlodlariga bosh bo‘lib o‘tirgan To‘xtabuvining uzundan uzun duolarini olib, tilaklarini eshitib, ortga qaytdik. Bizni ham shu yoshga yetkazsin!

Charos Nizomiddinova