Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov tumandagi masjid imomlari ishtirokida oilalarda ajrimning oldini olish masalasi yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Yunusobod tumani hokimligi matbuot xizmati

Uchrashuvda qator masalalar muhokama qilingan, jumladan, ajrimlar sonini kamaytirish borasida quyidagi takliflar kiritilgan:

  • oila qurish ostonasidagi ikkala yoshni ham nikohdan avval imomlar tomonidan 3 oylik o‘quv darslarida o‘qitish;
  • oila tushunchasini maktabdan boshlab alohida dars sifatida kiritish;
  • axloqiy jihatdan o‘zbek mintalitetiga to‘g‘ri kelmaydigan teleserial hamda kinofilmlarni efirga uzatmaslik.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev oldinlari biror oila ajrashsa, mahallada duv-duv gap bo‘lishi, butun mahalla oyoqqa turishi, ajrim — bu katta fojia ekanini aytib o‘tgandi. “Albatta, barchamizning istagimiz, tilagimiz bitta: qani endi, yurtimizda ajrim degan noxush holatning o‘zi bo‘lmasa... Oilalar parokanda, bolalar tirik yetim bo‘lib, sarson-sargardon bo‘lmasa... Men bir fikrni qayta-qayta aytishdan charchamayman. Oila – bu mehr va baxt qo‘rg‘oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne’mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma’naviyat bor”, — degan edi davlat rahbari.