Twitter ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri noyob iPhone 11 Pro surati bilan bo‘lishdi. Qurilmaning noyobligi uning logotipiga yaxshilab e’tibor qaratilmaguniga qadar bilinmaydi, deb yozadi IXBT.

Foto: Twitter

Modelning o‘ziga xosligi undagi logotipning joylashuvida. Aksariyat iPhone 11 Pro’lardan farqli o‘laroq logotip markazda joylashmagan — yonga biroz siljigan va soat strelkasiga qarshi ozgina burilgan.

Foto: Twitter

Suratni e’lon qilgan foydalanuvchining hisoblashicha, bu kabi iPhone’ning konveyerdan chiqish ehtimolligi — yuz milliondan bittaga teng. E’tiborli jihati, ushbu smartfon auksionga qo‘yilgan va 2700 dollarga sotilgan.

Avvalroq Caviar kompaniyasi qariyb 8 ming dollar turuvchi iPhone va 184 ming dollarlik iPad’ni namoyish etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.