Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi 8-aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisini 23-aprel kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Senat matbuot xizmati

Yalpi majlis kun tartibidan quyidagi qonunlarni ko‘rib chiqish o‘rin olgan:

  • “O‘zbekistonda chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”;
  • “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”;
  • “Fazoviy ma’lumotlar to‘g‘risida”;
  • “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”;
  • “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”;
  • “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”;
  • “O‘zbekiston Respublikasi bir tomondan va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilikni ta’sis etuvchi sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2019-yil 31-oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”.

Shu bilan birga, Hisob palatasi, bosh prokuror hamda Markaziy bank boshqaruvi raisining 2020-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari eshitilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi OTMlar bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash holati to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama qilinadi.

Shuningdek, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolar, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini ko‘rib chiqish reja qilingan.

Bundan avval O‘zbekistonda qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi, Zomin tumani SEOM rahbarining o‘z xodimlariga nisbatan haqoratomuz va qo‘pol munosabati Senat nazoratiga olingani hamda O‘zbekistonda organlar transplantatsiyasi uchun qonunchilik bazasi yaratilishi haqida xabar berilgandi.