Namangan viloyatining Mingbuloq tumani va Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani hokimliklarida lavozim o‘zgarishlari amalga oshirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Shoxruh Kenjayev

Joriy yil 5-aprel kuni Mingbuloq tumani hokimining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Umaraliyev rotatsiya asosida Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari — tuman investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Shuhrat Umaraliyev.

Foto: Shoxruh Kenjayev

Shuhrat Umaraliyev 1983-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 2006-yilda Namangan davlat universiteti, 2017-yili Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

U 2018-yildan hozirga qadar Mingbuloq tumani hokimining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ziyodulla Karimov.

Foto: Shoxruh Kenjayev

6-aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari — tuman investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Ziyodulla Karimov Mingbuloq tumani hokimining o‘rinbosari—investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimiga rotatsiya asosida tayinlandi.

Ziyodulla Karimov 1979-yili Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tug‘ilgan. 2001-yilda O‘zbekiston milliy universiteti, 2007-yilda Toshkent moliya instituti, 2010-yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

U 2019-yildan hozirga qadar Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari — tuman investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Shuhratjon To‘xtaboyev.

Foto: Shoxruh Kenjayev

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyat filiali rahbari Shuhratjon To‘xtaboyevgaga ko‘ra, agentlik tashabbusi bilan o‘rta bo‘g‘in rahbarlari boshqaruv ko‘nikmalarini oshirish, ularni o‘z ustilarida ishlashlariga imkoniyat yaratish, yuqori natijalarga erishgan shahar-tuman hokimlari o‘rinbosarlarini yuqori lavozimlarga tavsiya etish maqsadida rotatsiya qilish mexanizmini joriy etish taklifi ishlab chiqilgan.

Prezidentning joriy yil 18—19-fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu taklif qo‘llab-quvvatlanib, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Namangan va Sirdaryo viloyati hokimliklari o‘rtasidagi o‘zaro memorandum asosida shahar-tuman hokimlari o‘rinbosarlari darajasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan kadrlarni muddatli rotatsiya qilish mexanizmini joriy etish vazifasi belgilab berildi.

Rotatsiya asosida lavozimga tayinlangan hokim o‘rinbosarlari 1 yil mobaynida yangi hududda faoliyat olib boradi.

“Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ushbu memorandum ijrosi yuzasidan monitoring olib boradi. Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK) asosida hokim o‘rinbosarlari faoliyatining natijadorligini baholaydi. Yuqori natijadorlikka erishgan hokim o‘rinbosarlari davlat organlari va tashkilotlarining yuqori lavozimlariga tavsiya etish maqsadida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi”, — deydi Shuhratjon To‘xtaboyev.