Farg‘onalik tadbirkor Marg‘ilon shahrining “Chilonzor” mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylar orasida “dom” qurmoqda. Bu yerda yashovchi fuqarolar esa uylari oldida ko‘p qavatli “dom” emas, mahalla ahli hordiq chiqaradigan joy, bolalar va sport maydonchalari qurilishini istamoqda.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi va mutasaddilar bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo”

Mahalla faollari ko‘p qavatli uylar oralig‘ida bo‘sh turgan yerlar, bolalar va sport maydonchalari sotib yuborilayotgani, qurilish qilinishi mo‘ljallangan hududdagi daraxtlar kesib tashlanayotgani, bundan esa mazkur hududda yashovchi aholi norozi bo‘layotganini bildirdi.

Foto: “Daryo”

Ayni vaqtda “Chilonzor” MFY, Tinchlik ko‘chasida “Marg‘ilon universal 2020” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan besh qavatli turar joy binosi qurilishi boshlangan.

Foto: “Daryo”

Mahalla ahlining aytishicha, qurilish boshlangan yerda dastlab stadion, sport maydonchalari va suzish havzasi bo‘lgan. Ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi, yoshlar va bolalar bo‘sh vaqtini shu yerda o‘tkazgan, sayr qilgan va sport bilan shug‘ullangan. Keyinchalik bu joylar tadbirkor tomonidan xususiylashtirilib, sun’iy qoplamali futbol maydoni tashkil etilgan.

Ibrohim Toshmatov.

Foto: “Daryo”

“Mana shu qurilish bo‘layotgan joyning o‘zida oltita ‘dom’ bor. Aslida bu joylar ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi dam olishi uchun ajratilgan. Daraxtlar ekilgan, o‘yin maydonchalari qilingan. Yoshi kattalar sayrga chiqib, qo‘ni-qo‘shnilar bilan gaplashib o‘tirgan. Bolalar bexavotir o‘ynagan. Dastlab bu yerda aholi uchun bepul stadion bo‘lgan. Mahallalar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazilgan. Keyin bu joylar bir tadbirkorga o‘tib ketdi. U stadionni buzib, o‘rnida mini futbol maydoni qurdi. Bu yerga kirish pullik bo‘ldi. Mahalladagi yosh bolalarni ham kiritmay qo‘yishdi. Hamma tomonini ‘setka’ bilan o‘rab olishdi. Keyin birdaniga bu qurilish boshlandi. Shuncha uylarning orasida yana ‘dom’ qurilarkan. Mahallaning, odamlarning roziligini olmasdan qurib tashlayveradimi? Stadionni buzib, uy qurishga kim ruxsat bergan o‘zi? Xudoga shukur, yoshim saksonga borib qoldi. Bizga hech narsa kerak emas. Lekin mahallada yoshlar bor, bolalar bor, chiqib futbol o‘ynashi, sport bilan shug‘ullanashi kerak. Ertaga ‘dom’lar orasida umuman bo‘sh joy qolmasa, bular qayerga boradi? Bitta mahallada bolalar uchun bitta sport maydoni bo‘lishi kerak-ku”, — deydi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘ini Sapilto‘da ko‘chasida yashovchi Ibrohim Toshmatov.

Adham Abdurahimov.

Foto: “Daryo”

“Sakkiz yildan beri shirkatga raislik qilaman. Shirkatimiz tarkibida to‘qqizta ko‘p qavatli uy bor. Ilgari bu yerlar juda obod edi. Chiroyli va namunali joy qilib qo‘ygandik. Shaharga kim kelsa, shu yerga olib kelib ko‘rsatishardi. Endi mana shunday xarob va fayzsiz joyga aylanib qoldi. Bu holatga hech kim e’tibor bermaydi. Yuk mashinalari o‘taverib yo‘llarimiz buzilib ketdi. Qurilish boshlanganidan beri shu ahvol. Chiqindilarini olishmaydi. To‘rt tarafimiz devor bilan o‘rab qo‘yilganga o‘xshaydi. Havo aylanmaydi, shabada yurmaydi. Hamma joy chang-to‘zon. Hatto uyda ham o‘tirib bo‘lmay qoldi. Tinchlik yo‘q, shovqin va chang uygacha kiradi. Ko‘p daraxtlar kesilib ketdi. Mashina qo‘ygani joy yo‘q. Qishda-ku, hamma uyda o‘tirdi. Yozning issig‘ida nima qilamiz? Yoshi kattalar sayr qiladigan, gaplashib o‘tiradigan joy bormi? Yoshlar bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishni, qayerga borishni bilmaydi. Bolalar o‘ynaydigan hech narsa qolmadi. Ilgari ko‘pchilik stadionda, sport maydonchasida vaqt o‘tkazgan. Musobaqalar tashkil qilganmiz. Keyin bitta tadbirkorga berishdi. Bir soatini 5 ming so‘m qilib qo‘ydi. Stadionga kim kiradi buncha pul to‘lab? Ko‘p qavatli uyda yashasam, to‘rt nafar bolamga bir soatga 20 ming so‘m pul topib bera olmayman-ku. Bizga hamma uchun bepul bo‘lgan stadion va sport maydonchalarini tiklab berishsin. Boshqa narsa kerak emas. Biz norozi ekanligimizni aytdik, ‘dom’ qurilishiga qarshilik ko‘rsatdik. Lekin foydasi bo‘lmadi. Bizdan, shirkatdan, mahalladan ruxsat ham so‘rashmadi. Narigi tomondagi qurilishga ham hech kim ruxsat bermagan edi. Atrofdagi uylarda yashovchi aholi noroziligini bildirgandi. Shunda ham qurilishni to‘xtatishmadi. Bu tarafdagi maydonchani ham sotib yuborishdi. U yerda ham yangi ‘dom’ qurilar ekan. Xullas, mahallada sotilmagan bo‘sh joy qolmadi”, — deydi uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Adham Abdurahimov.

Zuhra Majidova.

Foto: “Daryo”

“Shu notinchlikdan zerikdik. Boshqa joyga ko‘chib ketgimiz kelib, zo‘rg‘a yashayapmiz. Bir yildan beri qurilish texnikalarining shovqinidan asablarimiz charchadi. Hamma kasalmand bo‘lib qoldi. Aqlli odam bunaqa joyga uy qurmaydi. Toshkentgacha yozdik, natija bo‘lmadi. Bizni hech kim eshitmadi. To‘g‘risi, hokimiyatga ham ishonchimiz qolmadi. Bizga tinchlik kerak. Biz ham davlat ishidagi odammiz. Ishdan kelgach, xotirjam dam olishni istaymiz. Oldin bu joylar sport maydonchasi bo‘lgan. Bolalarimiz chiqib, tinchgina o‘ynashgan. Keyin bu yerni mini futbol maydoni qilib qo‘yishdi. Mini stadion sotilib, endi ‘dom’ qurilishi boshlandi. Biz-ku oddiy xalqmiz, balki aqlimiz yetmas. Lekin mutaxassislarga ham murojaat qildik. Arxitektorlar bilan ham gaplashib ko‘rdik. Ko‘p qavatli uylar orasida bekorga bo‘sh joy tashlab ketilmaydi. Bolalar va sport maydonchalari, yashil hududlar bo‘lishi kerak. Qolaversa, zilzila, suv toshqini, yong‘in kabi favqulodda vaziyatlarda maxsus texnikalarning harakatlanishi bor. Shu narsalarni tushuntirish uchun hokimiyatdan ham odam chaqirdik. Foydasi bo‘lmadi. Bu yerda gaz, suv, elektr bor, shuning uchun yangi uylar qurilaveradi, deyishdi. Xalqni fikri o‘rganilmadi. Oldimizdagi qurilishni to‘xtata olmadik. Endi orqa tomonda ham qurilish boshlandi. Viloyatimiz hokimi Xayrulla Bozorovning ‘dom’lar orasidagi barcha qurilishlar to‘xtatiladi, deganini eshitib xursand bo‘ldik. Balki, bizning murojaatimizni ham eshitadigan odam topilar”, — dedi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘ini 168-uyda yashovchi Zuhra Majidova.

Abdufatto Mirzayev.

Foto: “Daryo”

“Shu mahallaning raisiman. Aholi tomonidan qurilish masalasi ko‘p marta ko‘tarilgan. Hokimiyatdan ham kelib, o‘rganib ketishdi. Aslida bu yer qariyb 50 yildan beri xalqning stadioni bo‘lgan. Keyinchalik o‘zlashtirilib, mini stadion qurildi. Mini stadion o‘zini oqlamadi. Tashlandiq joy bo‘lib qolib ketdi. Hozirga kelib bu yerda ‘dom’ qurilishi boshlandi. Qurilish masalasida hech kim biz bilan maslahat qilmadi. Kelishdi, bu yer xususiy mulk, sotildi deyishdi va qurilishni boshlab yuborishdi. Aholi norozilik bildirdi. U yoqqa borishdi, bu yoqqa borishdi, lekin natija bo‘lmadi. Negadir, 15-20 kundan beri qurilishni to‘xtatib qo‘yishdi. Sababini bilmaymiz”, — dedi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdufatto Mirzayev.

Foto: “Daryo”

“Mana shu bizning maydonchamiz edi. Hamma joy saranjom-sarishta, obod joy edi. Hozirgi ahvolini qarang. Hamma joy vayrona bo‘lib yotibdi. Bolalar o‘ynashi uchun sharoit yo‘q. Kattalar dam olishiga ham hech qanday sharoit yo‘q. Bir qarich bo‘sh yerga ham ‘dom’ qurib tashlashyapti. Ko‘p qavatli uyda yashash oson emas. Ayniqsa, yozda. Issiqdan jon saqlash uchun salqinroq joy izlab qoladi odam. Shunaqa paytda qayerga borasiz? Qo‘ni-qo‘shnilar bilan qayerda gaplashib o‘tirasiz? Bolalar yozi bilan uyda bo‘lishadi. Ular qayerga borishadi, nimani o‘ynashadi? Olib kelishgan o‘yingohi uch kundan ortiq turmadi. Qaytarib olib ketishdi”, — dedi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘ini 169-uyda yashovchi Dilfuza Ma’rufova.

Foto: “Daryo”

“Bolalarimiz o‘ynaydigan joy yo‘q. Yong‘in yo‘li yo‘q. Tez yordam mashinalari kirishga qiynalyapti. Mana shu ‘dom’ ham yangi qurilgan. Uni qurishdan avval katta-katta va’da berishdi. Bolalar uchun o‘yingoh quramiz, atrofini gulzor qilib beramiz, deb. Mana endi hechvaqo yo‘q. Chunki ishlari bitdi, ‘dom’ni qurib bo‘lishdi. Hech bo‘lmasa, atrofiga o‘rindiqlar qo‘yib beringlar, odamlar dam olib o‘tirishsin, dedik. Bu gapimizni ham hech kim eshitmadi. Bolalar maydonchasiga attraksion olib kelishdi. Keyin uch kunda qaytarib olib ketishdi. To‘g‘risi, xo‘ja ko‘rsinga qo‘yishgan ekan. Boshida qurilishga rosa qarshilik ko‘rsatdik. Nechchi marta murojaat qildik. Bari befoyda bo‘lib chiqdi. O‘tgan yili ham yozi bilan qurilish to‘xtamadi. Bu yil ham shu ahvol”, — deydi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘ini 173-uyda yashovchi Ma’mura Ilyosova.

Foto: “Daryo”

“Yana bir muammo bor — ariqda suv yo‘q. Hovlilarni obod qilib, gul va daraxt ko‘chatlari ekyapmiz. Lekin suv yo‘qligidan qurib qolyapti hammasi. Ilgari mana shu ariqda suv bo‘lgan. Bu ariq 153-uyning oldigacha borardi. Ikki yil oldin mana shu ko‘chani qayta ta’mirlashdi. Shundan beri suv kelmaydi. Ariqning boshini ochib, 60 metr joyni kovlab, truba yoki lotok qo‘yish kerak. Shu bilan muammo hal bo‘ladi. Hokimiyatga nechchi marta murojaat qildik. Xat bilan ham chiqdik. Sektor rahbari bilan biror marta ko‘rishmadik, gaplashmadik. “Chilonzor” mahallasidan rahbarlar xohlasa xabar oladi, xohlamasa yo‘q. O‘tgan yili oqsoqollar bilan uch marta hokimning qabuliga bordik. Ikki marta mana shu qurilish bo‘layotgan joyda uchrashdik hokim bilan yuzma-yuz. Har safar hal qilib beraman, deyishadi. Nechta odamga topshiriq bergan bo‘lsa, hammasining telefon raqamini saqlab qo‘yganman. Lekin hech kimdan natija yo‘q”, — deydi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘ini 171-uyda yashovchi Erkin Isoqov.

Erkin Isoqov.

Foto: “Daryo”

Surishtiruv davomida aholi vakillari qurilish ishlari tegishli tartibda ruxsatnoma olinmasdan boshlab yuborilganini ma’lum qilishdi. Ushbu holat yuzasidan Marg‘ilon shahar hokimligi mas’ullari quyidagicha munosabat bildirdi.

Foto: “Daryo”

“Bu joy tadbirkorning xususiy mulki. Oldi-sotdi shartnomasiga asosan sotib olingan, kadastr hujjatlari mavjud. To‘g‘risi, tadbirkorning yo‘lini to‘sishga bizning haqqimiz yo‘q. Obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha shahar hokimining roziligi olinib, u yerda ko‘p qavatli uy qurilishi reja qilingan. Bizga taqdim qilingan ma’lumot bo‘yicha tadbirkor tomonidan ikkita besh qavatli uy qurilishi ko‘rsatilgan. Biz bitta ‘dom’ qurilishiga ruxsat berganmiz. Hozir ikki yo‘lakli besh qavatli uy qurilishi boshlangan. Qurilish jarayonida hech qanday muammo kelib chiqqani yo‘q edi.

Behzod Mahmudov.

Foto: “Daryo”

Shaharsozlik talablari bo‘yicha hamma tomonini o‘ylab loyiha qilingan. Komissiya loyihani o‘rganib chiqib, tasdiqlaganidan so‘ng qurilish boshlangan. Ishchi loyiha, harajatlar smetasi, ekspertiza xulosasi, qurilishga oid ruxsatnoma olingan. Qurilish nazorati inspeksiyaning ro‘yxatiga qo‘yilgan. Elektron tarzda xabarnoma jo‘natilgan.

Foto: “Daryo”

Har bitta qurilishda o‘ziga yarasha muammo bor. Hozir hamma talab qo‘yishni o‘rganib olgan. Bu yerda asosiy muammo qurilish to‘xtab qolgani bo‘ldi. Tadbirkorning moliyaviy muammolari tufayli qurilish vaqtincha to‘xtatilgani uchun mana endi shikoyat tushyapti. Lekin qurilish ketayotgan vaqtda bizga aholidan hech qanday shikoyat kelib tushmagan. Bu ariza bo‘yicha ham bizning mutaxassislarimiz borib joyida o‘rganishgan. Hamma tomondan hujjatlari to‘g‘ri.

Ko‘p qavatli uy qurishni reja qilayotganda, birinchi navbatda, bolalar maydonchasi, vaqtincha avtomobillar to‘xtash joyi hisobga olinadi. Tadbirkor albatta bolalar maydonchasi qurib beradi. Bu narsalar yo‘qolib ketmaydi”, — deydi Marg‘ilon shahar arxitektura va qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Behzod Mahmudov.

Foto: “Daryo”

Farg‘ona viloyati va Marg‘ilon shahar hokimliklaridan “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi qurilishlar yuzasidan izoh kutib qolamiz.

Muallif:Azizjon Ermatov