Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

To‘qqiz soatdan ortiq davom etgan muzokaralar natijasida Gruziya hukumati va muxolifat mamlakatni siyosiy inqirozdan chiqarish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. Bu haqda muzokaralarda vositachilik qilgan Yevropa Kengashi rahbariyatining vakili Kristian Danielson aytib o‘tdi, deb yozadi “RBK”.

Foto: EPA

Foto: EPA

“Muzokaralarda asosiy kelishuvga erishilmadi”, — dedi Danielson. Uning qo‘shimcha qilishicha, kun tartibidagi ba’zi masalalardagina yaxshilanish kuzatilmoqda.

O‘z navbatida, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining raisi Irakliy Kobaxidze “Kelishuvning amalga oshmagani muxolifat uchun ayni muddao bo‘ldi”, — dedi. Parlament spikeri Archil Talakvadze hukmron partiya “muxolifat tayyor bo‘lishi bilan istalgan vaqtda muzokara stoliga qaytishga” tayyorligini ta’kidladi.

Biroq oppozitsiya rahbarlari “Gruziya orzusi”ni muzokaralarni buzganlikda aybladi. Ularning fikriga ko‘ra, asosiy kelishmovchilik muddatidan oldingi saylovlar va siyosiy mahbuslarni ozod qilish masalalari edi, deyiladi xabarda.

Rustavi 2 telekanalining xabar berishicha, muxolifatdagi “Yagona milliy harakat” partiyasi a’zosi Akaki Minashvili brifingda mamlakat rahbariyati bilan siyosiy inqirozdan chiqish bo‘yicha kelishuv amalga oshmagandan so‘ng Gruziyadagi fuqarolar noroziligi yanada kattalashishini aytgan.

“Hech qanday kelishuvga erishilmagan ikkita asosiy masalaning birinchisi — siyosiy mahbuslarni hamda Nika Meliya va Giorgiya Rururani ozod qilish, siyosiy ta’qiblarni to‘xtatish bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish haqida edi”, — deydi Minashvili.

Eslatib o‘tamiz, Gruziya politsiyasi 23-fevral kuni “Yagona milliy harakat” (YaMH) muxolifat partiyasi yetakchisi Nikanor Meliyani hibsga oldi. U 2019-yilda tartibsizliklar uyushtirganlikda va Gruziya parlamentiga qilingan hujumda ishtirok etganlikda ayblangan. Hibsga olish operatsiyasida yuzlab politsiyachilar ishtirok etgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, YaHM idorasiga yashiringan Meliyani hibsga olish paytida idora oldiga fuqarolar yig‘ilib, xavfsizlik kuchlariga qarshilik ko‘rsatgan. Partiya rahbarini hibsga olish mobaynida politsiya ko‘zni yoshlatuvchi gazdan foydalangan. Qo‘lga olingan muxolifatchi zirhli mashinada olib ketilgan. Shuningdek, asosan, muxolifat tarafdorlaridan iborat bo‘lgan 21 kishi partiya ofisi oldida hibsga olingan. Ular politsiyaning qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikda ayblangan, keyinroq ular qo‘yib yuborilgan. Siyosatchi ham garov evaziga ozod qilingan.

Shundan so‘ng Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Gruziya muxolifatini noroziliklarni to‘xtatmaslikka chaqirdi.

Ma’lumot uchun, “Yagona milliy harakat” partiyasi gruziyalik siyosat arbobi Mixail Saakashvili tomonidan tashkil etilgan. U partiyani boshqarish davomida hokimiyatga egalik qilib kelgan, ammo 2012-yilgi parlament saylovlarida partiya biznesmen Bidzina Ivanishvili tomonidan asos solingan “Gruziya orzusi” ittifoqiga yutqazgan. Shundan so‘ng YaHM muxolifatga aylandi va Saakashvilining o‘zi mamlakatni tark etdi. O‘shandan beri “Gruziya orzusi” hokimiyatni boshqarib keladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Qarshida Cobalt haydovchisi 13 yoshli qizni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi (video)
Mahalliy
Nogiron fuqaroning bo‘yniga zanjir bog‘langani aks etgan video yuzasidan izoh berildi
Mahalliy
O‘zbekistonning katta qismida hafta oxiriga borib anomal sovuq bo‘lishi kutilmoqda