Gelenjik shahri administratsiyasi matbuot xizmati Rossiyadagi eng keksa haydovchi haqida ma’lumot berdi. Krasnodar o‘lkasida 100 yoshli rekordchi bo‘lib, u hozirga qadar Mitsubishi Pajero’ni haydab kelmoqda, deb yozadi Motor.

Foto: VKontakte

Krasnodar o‘lkasining Arxipo-Osipovka qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ivan Kurbakov Rossiyadagi eng keksa haydovchi sifatida tan olingan. 2020-yilning noyabrida erkak “Rossiyaning rekordlar kitobi”ga kiritilgan. O‘sha vaqtda Ivan Kurbakov 99 yosh, 10 oy va 17 kunlik bo‘lgan.

Biroq nafaqaxo‘rga mamlakatdagi eng keksa haydovchi ekanligini tasdiqlovchi sertifikat biroz muddatdan keyin topshirilgan. Bu vaqtga kelib esa erkak 100 yoshga to‘lgan. Ivan Kurbatov hamon o‘zining eski uch eshikli Mitsubishi Pajero’sini haydab yuradi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning oktabrida Amerika yo‘l harakati xavfsizligi sug‘urta instituti tadqiqot o‘tkazib, 70 yoshli haydovchilar o‘lim bilan yakunlanayotgan avariyalarga 35-54 yoshlilarga nisbatan kamroq uchrashini aniqlagan edi.