Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi yerusti metrosining beton plitasida darcha hosil bo‘lgani haqida video tarqaldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” “Do‘stlik-2” bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha bo‘lgan yo‘nalishning 4-bekatida hosil bo‘lgan ushbu darcha to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, metroning 4-bekatida quruvchilar tomonidan 24-fevral, chorshanba kuni tungi soat 00:00 dan keyin, ya’ni metro poyezdlari harakati to‘xtatilgandan so‘ng kabel o‘tkazish ko‘prigini qurish uchun maxsus uskuna yordamida loyiha hujjatlariga asosan betonning bir qismi ochilgan.

Metro estakadasi ostidan harakatlanuvchi piyodalar va avtomobillar xavfsizligini ta’minlash maqsadida tungi paytda ishlar tashkil qilinib, qurilish me’yor va qoidalari asosida amalga oshirilmoqda va mutaxassislar tomonidan nazoratga olingan.

Ta’kidlanishicha, kabel o‘tkazish ko‘prigi qurilishi estakada mustahkamligiga zarar yetkazmaydi. Maxsus darcha ochish ishlari yakunlangandan so‘ng yo‘ldagi chiqindilar tozalangan.

Bundan avval “O‘zbekiston temir yo‘llari” mamlakatga kirib kelganda topshiriladigan ekspress testlar narxi qimmatligi haqida fuqarolar noroziliklariga munosabat bildirgani hamda Toshkent metropoliteni “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibidan chiqarilishi haqida xabar berilgandi.