Qozog‘istonliklar to‘y o‘tkazish uchun yangi joy topdi: ular turar joy binosi avtoturargohida to‘y bazmini uyushtirdi. Avtoturargohdagi to‘y marosimi Aqtauda bo‘lib o‘tgani taxmin qilinmoqda. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Foto: “Tengrinews.kz”

Noodatiy to‘y videolari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tarqatildi. Kadrdagi erkak bu kabi marosim hali hech qayerda bo‘lmaganini aytgan va odamlarni mehmonga chaqirgan. Shuningdek, videoda bezalgan dasturxon ko‘rsatilgan, video fonida esa odamlar ovozi eshitilgan.

“Bu besh qavatli uyimizning yerosti avtoturargohi. Aziz do‘stlar, to‘yga xush kelibsiz. Ikki yosh baxtli bo‘lsin. Agar avtoturargohga 1500 ta mashina sig‘sa, demak to‘yimizga ham 1500 kishi mehmon bo‘ladi”, — degan video qahramoni yo jiddiy tarzda, yo hazillashib.

Keyinchalik Mangistau viloyati politsiya boshqarmasi to‘yni haqiqatan ham Aqtau avtoturargohida sodir bo‘lganini tasdiqladi.

“Ishtirokchilar aniqlandi. Tushuntirish xatlari olindi. Ma’lumotlar Aqtau hokimligi huzuridagi kuzatuv guruhiga topshirildi”, — deya ta’kidladi politsiya boshqarmasi.