Qashqadaryoda “KamAZ” yuk mashinasi yo‘lda ag‘darilgan mashinani turg‘izishda yordam bergan ikki kishini urib ketdi, deya xabar qilmoqda “Zamon” informatsion dasturi.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 17-fevral kuni soat 06:20 larda Chiroqchi tumani “Chorvador” QFY hududida harakatlanib ketayotgan “KamAZ” yuk avtomobili haydovchisi ag‘darilgan mashinani yo‘lga olib chiqilayotganda mashinani urmay deb, rulni chapga buradi. Oqibatda yuk mashinasi ikki kishini urib ketadi.

“Qarshidan Samarqandga ketayotgan edim. Qorong‘ida yo‘lda o‘yinchoqqa o‘xshash nimadir yotgan ekan. Uni aylanib o‘tayotganimda avtomobilim ag‘darildi”, — dedi Damas haydovchisi.

Mashina ag‘darilgach, u yerdan o‘tib ketayotgan o‘tkinchi mashina haydovchilari Damas’dagi insonlarning hayotini saqlab qolish uchun to‘xtab, yordam bermoqchi bo‘ladi.

“Ular bizni chiqarib olishdi. Keyin birgalashib Damas’ni o‘ngladik. Shu paytda ‘KamAZ’ kelayotgan ekan. Ishora berishimizga qaramay yuk mashinasi juda tez kelib, bizga yordam bergan ikki odamni urib ketdi”, — dedi Damas haydovchisi.

Yuk mashinasi urib ketgan bir kishi voqea joyida, ikkinchisi ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay shifoxonada vafot etgan.

YTH sababi o‘rganilganda, o‘sha kuni “KamAZ” me’yoridan ortiq yuk ortgani, buning natijasida haydovchi mashinani to‘xtatolmagani aniqlangan.

Bunda avval Farg‘onada “Jiguli”ning kanalga tushib ketishi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgani, Samarqandda ijarachi yigit o‘zi yashab kelgan xonadon egasining mashinasini olib qochib, YTHga uchragani hamda Namanganda poyezd va “ZIL” to‘qnashuvi oqibatida yuk mashina haydovchisi jiddiy jarohat olgani haqida xabar berilgandi.