Farg‘ona viloyatida ikki sotuvchining katta miqdordagi pullarini talon-toroj qilgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish ochildi, deya xabar bermoqda Tergov departamenti.

Foto: Tergov departamenti

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 31-yanvar kuni soat 18:00 larda Baxtiyor X. chinni idishlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi tanishi Tojikiston fuqarosi Subhonali Q. bilan Furqat tumani Qulbobo qishlog‘ida joylashgan choyxonalarining biriga keladi.

U yerda ular Nodir va uning ikki nafar sherigi bilan ko‘rishib, tijorat masalasida gaplashadi. So‘ngra Nodir ismli shaxsga tegishli Nexia-2 rusumli avtomashinaga o‘tirib, Furqat tuman Tomosha qishlog‘i hududiga yetib kelishgan vaqtida Nodir va uning ikki nafar sherigi avtomashinada o‘tirgan Subhonali Q.ni avtomashinadan tushirib, Baxtiyor X.ga hujum qilib, qo‘l va oyoqlari bilan uradi.

Ular Baxtiyor X.ning yonida bo‘lgan 400 AQSh dollarini olib qo‘yib, uning sherigi bilan Namangan viloyatida joylashgan daryo qirg‘og‘iga olib boradi. Pistolet ko‘rinishidagi o‘qotar qurolga o‘xshash predmetni ko‘rsatib, Subhonali Q.ni yonida bo‘lgan 11 600 AQSh dollarini zo‘rlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.

Shuningdek, Nodir va uning sherigi Baxtiyor X. va Subhonali Q.ni huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishsa, o‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitib, ularni Namangan shahri markazidan Qo‘qon shahriga qatnovchi mashinaga o‘tqazib yuboradi.

Foto: Tergov departamenti

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Baxtiyor X.da yengil tan jarohatlari aniqlangan, uning sherigi Subhonali Q.da esa tan jarohatlari aniqlanmagan.

Mazkur holat yuzasidan Furqat tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “b” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov tezkor harakatlari natijasida Nodir ismli shaxs Namangan viloyati Uychi tumanida tug‘ilgan 39 yoshli Nodirbek Q. ekanligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda Nodirbek Q.ning jinoiy sheriklarini ushlash choralari ko‘rilmoqda. Dastlabki tergov davom etmoqda.

Bundan avval Andijonda 28 yoshli ayolning uyiga bostirib kirib, pul talab qilgan fuqarolarga sud hukmi o‘qilgani, qo‘shni ayolni qarz bermagani va ustidan kulgani uchun o‘ldirgan shaxs 17,5 yilga qamalgani hamda Ohangaronda fermer xo‘jaligiga bostirib kirib, ishchilar mulkini talon-toroj qilgan shaxslar hibsga olingani haqida xabar berilgandi.