Johnson & Johnson kompaniyasi koronavirusga qarshi o‘zining bir komponentli vaksinasidan Qo‘shma Shtatlarda favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun ruxsat so‘rab murojaat qildi. Bu haqda kompaniya veb-sayti ma’lumotlariga tayanib “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Murojaatnoma AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika boshqarmasi (FDA) tomonidan ko‘rib chiqiladi. Kompaniya vaksinaning barcha xavfsizlik talablariga javob berishini namoyish qilgan. Preparatni qo‘llash uchun ruxsat olingandan so‘nggina dozalar yetkazib berishga tayyor bo‘ladi, deyiladi Johnson & Johnson xabarida.

Vaksinaning Qo‘shma Shtatlar va boshqa yettita mamlakatda o‘tkazilgan 3-bosqich sinovlari shuni ko‘rsatdiki, uning samaradorligi 66—72 foizga teng. Sinovlarda jami 43,7 ming kishi qatnashdi, virusdan himoya vaksinatsiyadan ikki hafta o‘tgach paydo bo‘ldi.

Johnson & Johnson vaksinasini 20 daraja sovuqda ikki yil, 2—8 daraja issiqda kamida uch oy saqlash mumkin.

Johnson & Johnson Qo‘shma Shtatlarda foydalanish uchun tasdiqlanadigan uchinchi vaksina bo‘lishi mumkin. Mamlakatda hozirda Pfizer va Moderna kompaniyasining vaksinalari qo‘llanilmoqda, ommaviy vaksinatsiya 2020-yilning dekabr oyi oxirida boshlangan.

Koronavirusga qarshi vaksinaning hech bo‘lmaganda bittasini olgan amerikaliklarning soni pandemiya boshidan beri mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlar sonidan oshib ketdi, deya xabar bergan Bloomberg 2-fevral kuni o‘zining statistik ma’lumotlariga asoslanib.

2020-yilning may oyida Johnson & Johnson kompaniyasi bosh direktori Pol Stoffels kompaniya koronavirusga qarshi 1 milliard doza vaksina ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini aytgandi. Keyinchalik kompaniya 2021-yil iyun oyiga qadar AQShga 100 million dozada vaksina yetkazib berishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

Avvalroq butun dunyo bo‘ylab koronavirusga qarshi emlanganlar soni birinchi marta ushbu virusga chalinganlar sonidan oshgani haqida xabar qilingandi. Emlanganlar soni eng ko‘p AQShda — 33,7 million kishi. Ikkinchi o‘rinda Buyuk Britaniya bo‘lib, u yerda jami 10,2 million kishi emlangan (dengiz ortidagi hududlar, Normand orollari va Men orollarini ham hisobga olganda). Uchinchi o‘rinni Isroil egallamoqda — 5,05 million kishi.

Eslatib o‘tamiz, dunyoda koronavirusning fevral oyidagi tarqalish sur’ati 2021-yilning yanvar oyiga solishtirganda ikki barobarga pasaygan.