Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

28-yanvar kuni Samarqand Darvoza savdo-ko‘ngilochar markazi (SD MALL) xodimlari Makro supermarketlari tarmog‘ining savdo zali va shirinliklar bo‘limidagi elektr energiyasi ta’minotini uzib qo‘ydi. Bu haqda savdo tarmog‘i vakillariga tayanib, Spot xabar berdi.

Foto: “Afisha.uz”

Foto: “Afisha.uz”

Makro yuristi Sergey Arutyunyanning so‘zlariga ko‘ra, ijara shartnomasida elektr energiyasini o‘chirish ko‘zda tutilmagan, shu sababli ushbu holat to‘g‘ridan to‘g‘ri uning buzilishi hisoblanadi. Shuningdek, uning ma’lum qilishicha, Carrefour e’loni Samarqand Darvoza va Makro o‘rtasidagi kelishuv hali yakunlanmagan bir vaqtda chiqqan (ijara muddati 19-yanvar kuni tugagan).

Eslatib o‘tamiz, 7-yanvar kuni Majid Al Futtaim Fransiyaning Carrefour savdo tarmog‘i Compass va Samarqand Darvoza’dagi Makro supermarketlari o‘rnida ochilishini ma’lum qilgandi. Makro supermarketlar tarmog‘i boshqaruvchisi Roman Sayfulin esa buni “kutilmaganda sodir bo‘ldi” deya ta’riflagandi.

Makro hozirda o‘zlarining huquqlari qo‘pol buzilyapti deb hisoblamoqda — savdo-ko‘ngilochar markaz (SKM) boshqa talabgorlar bilan birga teng shartlarda ijara shartlarini taklif qilishi shart.

Arutyunyanning so‘zlariga ko‘ra, Carrefour’ning bayonoti tuzilgan shartnomalarning mavjudligini anglatadi, ya’ni bu orqali Makro’ning ustun huquqi buzilgan.

Carrefour esa ushbu holatga Compass va Samarqand Darvoza savdo markazlaridagi gipermarketlarni ishga tushirish bo‘yicha O‘zbekiston—Ummon investitsiya kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan faktini qayd etgan, xolos.

Makro vakilining ma’lum qilishicha, 6-yanvar kuni ularga SKM ma’muriyatidan xat kelgan bo‘lib, unda ijaraga olingan hududning qabul qilish—topshirish (qaytarish) aktini imzolash taklif etilgan, ya’ni ular keyingi munosabatlarini tugatishni talab qilgan.

Kompaniyadagilar buni asoslanmagan, shuningdek, mavjud qonunchilikning bir nechta asoslari bo‘yicha qonun buzilishi deb hisoblamoqda:

  • ijara shartnomasi amalda bo‘lgan vaqtda SD MALL tomonidan Makro’ga ijara borasida biror e’tiroz kelib tushmagan;
  • Makro bir necha bor SD MALL’ga shartnoma muddatini ijara haqqini oshirish borish orqali 10 yil muddatga uzaytirishni taklif qilib kelgan.
8-yanvar kuni supermarketlar tarmog‘i ma’muriyatdan yangi muddatga, uchinchi shaxs bilan teng sharoitlarda shartnoma imzolash taklifini bildirishlarini talab qilgan, biroq ularga rad javobi berilgan.

“Bizning tomon da’vo tartibiga amal qildi — nizoni sudgacha bo‘lgan tartibda hal qilib bo‘lmadi, shuning uchun biz sudga da’vo arizasi bilan murojaat qildik. Maqsad — teng huquqlar va imtiyozli huquq shartlari bo‘yicha shartnomani qayta ko‘rib chiqish”, — deydi Sergey Arutyunyan.

Kompaniyadagilarning ta’kidlashicha, hozirda Samarqand Darvoza’dagi Makro o‘z faoliyatini to‘xtatgan, tez buziladigan mahsulotlar olib chiqib ketilgan, 300 dan ortiq odam ishga chiqmay qo‘ygan, tarmoq chiqimlar qilmoqda, yuzlab mijozlar esa noqulaylik his qilyapti.

Ma’lumot uchun, avvaliga Compas, Samarqand Darvoza va Makro The Tower Mall Management Group’ga tegishli bo‘lgan, biroq 2019-yilda kompaniya ikkala SKMni ham o‘zbek—ummon investitsiya kompaniyasiga sotib yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, Majid Al Futtaim kompaniyasi boshqaruvida bo‘lgan Carrefour 2020-yilning oxirlarida Toshkentda birinchi supermarketni ochgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiyadagi fuqarolarga murojaat bilan chiqdi 
Mahalliy
O‘zbekistonda 7-fevral kuni 20 darajagacha iliq bo‘lishi kutilmoqda 
Mahalliy
O‘zbekistonda dollar kursi yana oshdi