Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi yirik qurilish kompaniyasi buzib tashlashga uringan Bobur ko‘chasidagi 7-uyga bog‘liq munozarali ish bo‘yicha yakuniy qarorni chiqardi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
1-fevral kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida arizachi N.Yunusova va O.Piantkovskayaning javobgar Toshkent shahar hokimiyatiga nisbatan hokim qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi ma’muriy ish mazmunan ko‘rib chiqilib, hal qiluv qarori o‘qib eshittirilgan.
Hal qiluv qaroriga ko‘ra, arizachi N.Yunusova va O.Piantkovskayaning arizasi qanoatlantirilib, Toshkent shahar hokimining 2007-yil 2-avgustdagi 697-sonli qarorining Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasi 7-uyni madaniy meros obyektlari davlat ro‘yxatidan chiqarishga oid qismini haqiqiy emas deb topdi.
Shuningdek, ishni ko‘rish davomida aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan javobgar Toshkent shahar hokimiyati va Madaniyat vazirligining Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi Toshkent shahar, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat inspeksiyasiga nisbatan xususiy ajrim chiqarilgan.
Sud qarorlariga nisbatan 1 oylik muddat ichida Toshkent shahar ma’muriy sudiga shu sud orqali shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2007-yilga qadar madaniy yodgorliklar ro‘yxatida bo‘lgan 7-uy Toshkent shahrining sobiq hokimi Abduqahhor To‘xtayev buyrug‘i bilan undan chiqarib tashlangan. Oradan 11 yil o‘tgach quruvchilar aholini uydan ko‘chirishni boshlagan. Biroq uyda istiqomat qiladigan fuqarolarning bir qismi uyni yana madaniy meros obyektiga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan. 2020-yil aprelda madaniyat vaziri tomonidan tasdiqlangan xulosada “Toshkent shahri Bobur ko‘chasidagi 7-uy me’moriy yodgorlik sifatida saqlab qolinadi” deyilgan.