Energetika vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda, YeTTB hamda Yaponiya hukumati ko‘magida O‘zbekistonda 2050-yilgacha elektr energiyani ishlab chiqarishda uglerod-neytral sektorni yaratish imkoniyatlarini o‘rgarish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish uchun xalqaro ekspertlar konsorsiumini (Corporate Solutions, Tractebel va Guidehouse) jalb qildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
“Elektr energiyasini ishlab chiqarish sohasi iqtisodiyotning asosini tashkil etadi va mamlakatda havoga chiqadigan zararli gazlarning katta qismini shular tashkil etadi. Shunday qilib, elektr energiyasini karbonsizlashtirish O‘zbekistonning iqlimiy maqsadlariga erishishda hal qiluvchi rolni o‘ynaydi”, — deyiladi xabarda.
“Yo‘l xaritasi” xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston texnik va iqtisodiy nuqtayi nazardan nol darajali uglerod energiyasiga 2050-yilga borib erishishi mumkin.
“Yo‘l xaritasi”da keltirib o‘tilgan harakatlar rejasi beshta ustuvor soha atrofida qurilgan:
- elektr energiyasi ishlab chiqarish infratuzilmalari transformatsiyasi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kirib kelishini oshirish uchun me’yoriy-huquqiy bazani yaratish;
- uglerodlarga narx o‘rnatish mexanizmi va subsidiyalar islohoti;
- jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovi mobilligi bo‘yicha xabardorlikni oshiruvchi kampaniya;
- atrof-muhit himoyasi.
Avvalroq O‘zbekistonda elektr energetika sohasidagi standartlar qayta ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.