Buxoroda Tico haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmay, uni sudrab ketgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. YHXBB ish yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan bo‘lib, aniqlanishicha, 29-yanvar kuni soat 15:30 larda Buxoro viloyati IIB YHXB boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan qaydnoma asosida YPX katta inspektori, kichik serjant Sh.R. Vobkent tumani hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida xizmatga jalb qilingan.
Tumanning “O‘ba Kulolon” mahallasi Kulolchi ko‘chasida fuqaro M.S. tanishi N.A.ga tegishli bo‘lgan Tico rusumli avtomobilda svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamasdan harakatlanib kelgani sababli YPX inspektori yo‘lning qatnov qismiga chiqib, haydovchiga to‘xtash ishorasini ko‘rsatgan.
Fuqaro M.S. YPX inspektori turgan yo‘nalishda boshqarishni davom ettirib, sodir etgan huquqbuzarligi uchun javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida avtomashinani to‘xtatmasdan, xodimga juda yaqin masofaga qadar boshqarib borgan.
Oqibatda xodim yo‘l chekkasiga qochishga ulgurmasdan, avtomashina kapoti ustiga chiqib qolgan. Haydovchi esa harakatlanishda davom etib, qisqa vaqt davomida YPX inspektorini transport vositasi kapotida ustida olib yurib, so‘ngra to‘xtatgan.
“Men hujjatsiz avtomashinani boshqarganim sababli uni jarima maydoniga qo‘yishlaridan qo‘rqib harakatni davom ettirdim. Boshqa yoshlarga ham iltimos qilamanki, bunday xatoni takrorlashmasin”, – deydi haydovchi.
YPX inspektori holat yuzasidan quyidagicha izoh berdi:
“Vobkent tumani ikkinchi son maktab oldida piyodalar xavfsizligini ta’minlab turgan vaqtimda amaldagi yo‘l harakati qoidalarining 31-bandini, ya’ni svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida harakatlanib kelgan Tico rusumli mashina haydovchisiga to‘xtash ishorasini berdim. Haydovchi mening qonuniy talabimga bo‘ysunmay, ustimga avtomobilni haydab keldi.
Men qochishga ulgurmadim va avtomashina kapotiga ilinib qoldim. Shundan so‘ng haydovchi meni taxminan 50-60 metrlarga sudrab ketdi. Avtomashina to‘xtatilgandan keyin haydovchiga qonuniy chora ko‘rildi. Avtomashina jarima maydonchasiga kiritildi”, – deydi inspektor.
Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksining 128-moddasi 1-qismi (haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) 135-moddasining 2-qismi (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) 180-moddasi (sudga hurmatsizlik qilish) va 194-moddasida (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) belgilangan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topildi hamda 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Avvalroq Toshkentda mast holda avtomobil boshqarib, YPX xodimlari bilan janjal uyushtirgan sobiq deputat jarimaga tortilgani, Samarqandda YPX xodimlariga pora berishga uringan haydovchilar qo‘lga olingani hamda Shahrisabzda YPX xodimi odam urib yuborgani haqidagi xabar asossiz ekani aytilib, voqea ishtirokchilari hibsga olingani haqida xabar berilgandi.