Sergelida 40 yoshli erkak yarim tunda kaltaklangani haqida xabar berilgandi. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi voqea yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, Sergeli tumani IIO FMB xodimlari tomonidan 17-yanvardan 18-yanvarga o‘tar kechasi Sergeli tumani 6-kvartalda sodir bo‘lgan janjal ishtirokchilarining barchasining shaxsi aniqlandi.

Qayd etilishicha, 18-yanvar kuni taxminan soat 23:50 larda 26 yoshli Azimjon K. o‘zining boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomobilida tanishlari 32 yoshli Zavqiddin X. va 40 yoshli Zulfiqor X. bilan Sergeli tumani 6-kvartaldagi avtoturargohga kelgan.

Shu jarayonda ikki nafar fuqaro – 30 yoshli, muqaddam sudlangan Aziz A. va 30 yoshli Xurshid X. mast holatda bo‘la turib, avtomobilning yo‘lini to‘sgan. Buning natijasida fuqarolar o‘rtasida janjal boshlangan. Aziz va Xurshid avtomobilning oynalarini sindirib, avtomobilga shikast yetkazgan. Shundan so‘ng Aziz A. va Xurshid X. fuqarolar Zulfiqor X. va Zavqiddin X.ni urib, ularga tan jarohati yetkazgan.

Zulfiqor X.ga tan jarohati yetkazish jarayoni shu joydagi ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan videoga olingan va internet tarmog‘iga joylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchilar Aziz A. va Xurshid X. ushlangan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq Bosh prokuratura Yashnoboddagi maktab-internat tarbiyalanuvchisi kaltaklangani bilan bog‘liq holatni o‘rganishni boshlagani, Samarqandda 33 yoshli erkak mast holatda tanish ayolni urib o‘ldirib qo‘ygani hamda Angrenda ammasining qizini himoya qilgan yigit uch kishi tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgandi.