Checheniston rahbari Ramzan Qodirov maxsus operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va unda federal qidiruvda bo‘lgan dala qo‘mondoni Aslan Byutukayev o‘ldirilganini e’lon qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Foto: Meduza

Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, jasad Byutukayevga tegishli ekani tasdiqlangan. Aslan bilan birga uning guruhidagi yana besh nafar kishi o‘ldirilgan.

“Chechenistondagi yashirin jinoiy to‘dalar to‘liq tugatildi!”, – deb yozgan Qodirov Telegram-kanalida.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Interfaks”ga xabar qilishicha, maxsus operatsiyaning barcha ishtirokchilari, jumladan, Qodirov ham davlat mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatiladi.

“Putin telefonda Qodirovni va operatsiyaning boshqa ishtirokchilarini Byutukayevning bir guruh to‘dasini yo‘q qilgani bilan tabrikladi. Gap Chechenistonning so‘nggi amiri deb ataladigan, uzoq vaqtdan beri qidiruvda bo‘lgan, taniqli terrorchi Aslan Byutukayev haqida ketmoqda.

U Ingushetiyada ham, Chechenistonda ham Milliy aksilterror qo‘mitasi homiyligida o‘tkazilgan operatsiya doirasida qidiruvda bo‘lgan”, – deydi Peskov.

Aslan Byutukayev 2010-yilning boshlarida Imorat Kavkaz terroristik tashkiloti rahbari Doku Umarovga eng yaqin odamlardan biri sifatida mashhur bo‘lgan.

Byutukayev Rossiya hududida terroristik hujumlarni amalga oshirish uchun xudkush terrorchilarni yollash va o‘qitishda ishtirok etgan. U 2011-yilda Domodedovo aeroportida sodir etilgan terakt ayblanuvchilaridan biri bo‘lgan. Terakt oqibatida 37 kishi vafot etgan.

Avvalroq Rossiyada 2020-yilda 41 ta teraktning oldi olingani, Ramzan Qodirov Chechenistondagi yangi bolalar markaziga yopishtirilgan Marvel qahramonlari suratlarini olib tashlashni talab qilgani hamda AQSh davlat departamenti Ramzan Qodirovni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgani haqida xabar berilgandi.