General Motors konserni onlayn formatda o‘tkazilgan CES elektronika ko‘rgazmasi doirasida kelajakdagi premium sinfga oid shaxsiy transport vositasi qanaqa ko‘rinishga ega bo‘lishi borasidagi tasavvurlari bilan bo‘lishdi. Ixtirochilar Vertical Take-Off and Landing Drone droni va Cadillac’ning Personal Autonomous Vehicle yerusti kapsulasi yordamida harakatlanishni taklif etmoqda, deb xabar beradi Motor.

Foto: General Motors

GM tasavvuriga ko‘ra, kelajakda odamlarning to‘liq mobilligini ta’minlash uchun birdaniga ikkita transport vositasi kerak bo‘ladi. Kerakli joyga an’anaviy tepkilar va rul boshqaruvi bo‘lmagan to‘liq avtonom mikroavtobus yordamida yetib borish mumkin bo‘ladi. Old qismi oynali panoramaga ega kapsula noodatiy panellar tizimi bilan jihozlanib, u bir vaqtning o‘zida eshiklar vazifasini bajaradi. Salonda qulaylikni ta’minlash uchun kuzovning bir qismi chetga siljiydi, yon oynalari esa yuqoriga ko‘tariladi.

Mikroavtobus interyeri ham futuristik usulda yaratilgan. Uning ichida sensor ekranlarga ega yumaloq divan joylashgan. Bundan tashqari, mashinaning old qismida chetlari egilgan ulkan displey joylashgan, bort elektronikasi esa yo‘lovchilarning biometrik ma’lumotlarini to‘plashga qodir. Bu orqali u individual kontentni taqdim etadi, shuningdek, salondagi mikroiqlimni sozlaydi.

Harakatlanish qiyin bo‘lgan yoki tirbandliklar vaqtida Cadillac uchadigan shaxsiy drondan foydalanishni taklif etmoqda. Vertikal holatda bir nafar yo‘lovchi sig‘adigan mashina to‘rtta parrak bilan jihozlangan bo‘lib, uning tezligi soatiga 90 kilometrga yetadi. Atrofni tomosha qilish qulay bo‘lishi uchun uchar transport vositasining old qismi to‘liq shaffof bo‘ladi, biroq yer ustidagi kapsula kabi uni ham qanday boshqarilishi hozircha noma’lum.

Avvalroq BMW’ning kelajakdagi modellari yo‘llarni “his qilishni” boshlashi to‘g‘risida xabar berilgandi.