Professional boksning super o‘rta vazn (-76,2 kg) toifasida ringga chiqayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev (6-0, 5 KO) va yarim og‘ir vazn toifasida WBA Super, IBF, WBO chempionlik kamarlarining sobiq sohibi Sergey Kovalyov (34-4-1, 29 KO) o‘rtasidagi jang Rossiyada bo‘lib o‘tmaydigan bo‘ldi.

Kollaj: “Daryo”

Jurnalist Maykl Koppinjerning xabar qilishicha, Bektemir va rossiyalik bokschi o‘rtasidagi bellashuv AQShning Indio shahrida (Kaliforniya shtati) bo‘lib o‘tadi. Biroq jang o‘tkaziladigan sana o‘zgarishsiz qolgan — 30-yanvar.

Meliqo‘ziyev va Kovalyov o‘rtasidagi jang avvalroq Moskvaning “Lujniki” stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi.

Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, ushbu kechada Sheyn Mosli Junior va Jeyson Kuigli o‘rtasidagi jang ham bo‘lib o‘tadi.

Kovalyov o‘zining so‘nggi jangini 2019-yil 2-noyabrida meksikalik Saul “Kanelo” Alvaresga qarshi o‘tkazib, 11-raundda nokautga uchrab mag‘lub bo‘lgan.

Bektemir Meliqo‘ziyev hozirgacha professional boksda 6 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan, 5 ta jangda raqiblarini nokautga uchratgan.

Bektemir so‘nggi jangini 2020-yil 30-oktabrida meksikalik Alan Kampaga (17-6, 11 КО) qarshi o‘tkazib, 3-raunddagi nokaut evaziga g‘alaba qozongandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!