Futbol bo‘yicha Germaniya Kubogining 2-bosqichida “Bavariya” 13-yanvar, chorshanba kuni “Holshtayn Kil” mehmoni bo‘ldi.

Foto: Goal

Avvaliga myunxenliklar 14-daqiqada Serj Gnabrining goli evaziga oldinga o‘tib oldi. Bunga maydon egalari 37-daqiqada javob qaytardi. Ikkinchi bo‘lim debyutida Leroy Sane jarima zarbasini qoyilmaqom ijro etib, mehmonlarning ikkinchi golini urdi.

Hammasi “Bavariya”ning g‘alabasi tomon ketayotgan bir vaqtda mezbonlar so‘nggi daqiqada muvozanatni tikladi. Qo‘shimcha bo‘limlarda darvozalar daxlsiz qoldi.

Penaltilar seriyasida ikkinchi Bundesliga jamoasining qo‘li baland keldi. Shu tariqa musobaqaning amaldagi chempioni “Bavariya” joriy mavsumdagi dastlabki o‘yinidayoq kubok bilan xayrlashdi.

Germaniya Kubogi

2-bosqich bahsi

13-yanvar, chorshanba

“Holshtayn Kil – Bavariya 2:2

Gollar: 0:1 – 14 Gnabri, 1:1 – 37 Bartels, 1:2 – 47 Sane, 2:2 – 90+5 Val.

Penaltilar seriyasi 6:5

“Holshtayn Kil”: Gelios, Val, van den Berg, Dem, Tesker (Komenda, 80), Biler (Arslan, 84), Bartels, Li Che Son, Meyes (Reze, 77), Porat (Xauptmann, 77), Meffert (Zerra, 84).

“Bavariya”: Noyer, Devis, Lyuka Ernandes, Sarr (Pavar, 85), Zyule, Sane (Duglas Kosta, 74), Tolisso (Alaba, 105), Gnabri (Roka, 90), Kimmix, Myuller, Musiala (Levandovski, 74).

Ogohlantirishlar: Meffert (45), Zyule (61).

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!