Isroillik Gal Gadot ijro mahorati hamda o‘ziga yarasha go‘zalligi bilan kinosanoatda o‘z o‘rnini topgan aktrisalardan biri hisoblanadi. “Mo‘jizakor ayol” filmining bosh qahramoni ijrochisi haqidagi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Foto: Getty Images

Bolaligida televizor ko‘rishga vaqti bo‘lmagan Gadot

“Mossad”da sobiq agent, “Forsaj”da Jizel Yashar singari qahramonlarni gavdalantirgan aktrisaning onasi gimnastika bo‘yicha o‘qituvchi ekani uning turmush tarziga ta’sir etmay qolmagan. Televizor nimaligini bilmagan Gal basketbol, voleybol va tennis bilan shug‘ullangan. Bu uning fe’l-atvorida ham o‘z aksini ko‘rsatgan, jismoniy mashqlar davomida hovuridan chiqqan qiz, og‘ir-bosiq hamda bor diqqatini o‘qishga qaratib katta bo‘lgan. 12 yoshida raqs to‘garagiga qatnagan aktrisa o‘z bolaligini ideal o‘tgan deb hisoblaydi va qizlariga ham shunday tarbiya berishni rejalashtiradi.

Foto: Instagram / Gal Gadot

Muvaffaqiyatlarning boshlanishi

18 yoshida “Isroil go‘zali” deb topilgan Gal hech qachon o‘zini hurliqo deb hisoblamagan. U Ekvadorda bo‘lib o‘tayotgan “Koinot go‘zali” tanloviga yuborilganda yutqazish uchun hamma narsani qilganini ta’kidlagan. Kerakli kiyim-kechagini olib kelmagan, arzimagan narsaga g‘alayon ko‘targan Gal hay’at a’zolarida ijobiy taassurot qoldirmagan va natijada o‘zi xohlagandek finalda ishtirok etadiganlar sirasidan o‘rin olmagan.

Foto: Instagram / Gal Gadot

Armiyada xizmat qilgan sarvqomat

Go‘zallik va e’tirof o‘z yo‘liga, Isroilda nafaqat erkaklar, balki ayollar ham harbiy xizmat o‘tashi kerak. Armiya uni “Askar Jeyn” qilib qo‘ymagan bo‘lsa ham, harbiy va sport tayyorgarligi borligi, shuningdek, qurol ishlata olishi kelajakda superqahramonlar rolini gavdalantirishiga yordam bergan. U harbiy xizmat haqida gap ketganda jang qilmagani, turli operatsiyalarda ishtirok etmagani va odam o‘ldirmagani, shunchaki, sportzalda instruktor bo‘lganini ta’kidlaydi. Shunga qaramay, aynan armiya undagi ichki tartib-intizomni shakllanishi va nima bo‘lishidan qat’i nazar, haqiqatni qabul qilish va qanoat qilishga o‘rgatganini tan oladi.

Foto: Instagram / Gal Gadot

Xohlamagan jarayoni kelajakdagi rejalarini belgilab bergan qiz

“Rahmdillik kvanti” filmida suratga tushmaganiga qaramay, aynan mazkur loyiha u ishtirok etgan birinchi sinov bo‘lgan. Kasting rahbari Galning suratini ko‘rib, uni sinovga taklif qilgan. Huquq maktabida ta’lim olayotgan bir vaqtda unga telefon qilib suratga olish maydonchasiga yetib kelishi so‘ralgan. Darsdan chiqa olmasligini bahona qilganida, hech bo‘lmasa hurmat yuzasidan tashrif buyurishi kerakligi aytilgan. Borishga majbur bo‘lgan Gal rejissorga aktrisa emasligi, loyiha kastingida ishtirok etishni rejalashtirmagani va hatto ssenariyni ochib ham qaramaganini tushuntirgan. Rol unga nasib qilmaganiga qaramay, kasting jarayoni kinoni advokatlikdan qiziq ekanini tushunib yetishiga sabab bo‘lgan. Shundan bir oy o‘tib Isroilda suratga olingan serialda rol ijro qilgan. Yana ikki oydan keyin “Forsaj 4” filmi ijodkorlaridan taklif kelib tushgan. Hammasi bo‘lib aktrisa franshizaning 4 qismida rol ijro qilishga muvaffaq bo‘lgan (ammo “Forsaj 7”da uning qahramoni ijrosidagi sahna kesib tashlangan). O‘zini maksimalizm tarafdori deb hisoblaydigan aktrisa dublyor yordamidan foydalanishni istamaydi. U kadrda hammasi mukammal bo‘lishini va mototsikldan mashinaga sakragandagi hisni kaskadyor emas, o‘zi his qilib ko‘rishni xohlashini aytadi.

Foto: Getty Images

Rollarga tayyorgarlik

Jangovar filmlarda suratga tushish va tryuklarni bajarish uchun qattiq tayyorgarlik ko‘radi. Masalan, “Mo‘jizakor ayol”da suratga tushish uchun 5-6 oy avval trenirovka qilishni boshlagan. Kuniga ikki soatdan kikboks, jiu-jitsu, qilichbozlik hamda qo‘l jangi, shuningdek, kardiomashqlar bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari, meva, sabzavot va tarkibida kletchatka ko‘p bo‘lgan mahsulotlardan iborat maxsus parhezga ham amal qilgan.

Foto: Instagram / Gal Gadot

Hech nimadan nolimaydi

Nafaqat jismonan, balki ruhan ham kuchli bo‘lgan Gadot e’tiroz bildiradiganlardan emas. “Betmen Supermenga qarshi” filmining suratga olish jarayonidan avval uning roli uchun tikilgan kostyumni kiyib ko‘rish uchun Michiganga uchishiga to‘g‘ri kelgan. Libos haddan ortiq bo‘lganiga qaramay Gadot lom-lim demagan. Keyin qayta tikilganiga qaramay, unda sovuq haroratda suratga tushishni o‘zi bo‘lmagan.

Foto: Getty Images

Kuchli ayollarni qo‘llab-quvvatlaydi

Erkaklar yo‘q orolda voyaga yetgan va bizning olamga kelganida ham insonlarni jinsi emas yaxshi yomonligiga qarab ajratgan “Mo‘jizakor ayol” qahramoni feminizmning timsoli. Bunday qahramonni gavdalantirish katta mas’uliyat ekanini yaxshi tushungan Gadot, ushbu obrazni ijro qilishda o‘zi bilgan kuchli ayollar, xususan, onasidan ilhomlanganini ma’lum qilgan.

Hayotidagi asosiy rolni onalik deb biladi

Biznesmen Yaron Versano bilan turmush qurgan Gadot uchun 8 qizlarining qiziqishlari birinchi o‘rinda. U tinimsiz filmlarda suratga tushib, farzandlarini bag‘riga bosish uchun deyarli vaqt topa olmaslikdan ko‘ra bitta, ammo ko‘rishga arzigulik filmda rol ijro qilib o‘zini oilasiga bag‘ishlashni ma’qul biladi. Jahonga mashhurligi va Gollivudda unga talab yuqori ekaniga qaramay, Gal bugungi kunda Isroilda oilasi bilan birga yashaydi.