1998-yil 8-dekabr kuni Chechenistondagi yo‘llardan birining yoqasida uchta Buyuk Britaniya va bitta yangi zelandiyalik fuqaroning kesib olingan boshlari topildi. Ularning o‘g‘irlanishi va shafqatsizlarcha o‘ldirilishi haqidagi voqea butun dunyoda momaqaldiroq kabi gumburladi. “Daryo” voqea tafsilotlari haqida hikoya qiladi.
Asirga olingan chet elliklar, isyonkor Ichkeriya va uning chet ellik homiylari o‘rtasidagi siyosiy o‘yinlarning qurboni bo‘lgan, degan versiyalar mavjud. Ushbu to‘rt nafar ajnabiy Buyuk Britaniya fuqarolari Piter Kennedi, Daren Xiki, Rudolf Petchi va yangi zelandiyalik Stenli Shou edi. Ular 1998-yil oktabr oyining boshlarida o‘g‘irlab ketildi.
Muhandislarning o‘g‘irlanishi
Asirlar Buyuk Britaniyaning Granger Telecom kommunikatsiya kompaniyasining muhandislari bo‘lib, ular ushbu kompaniya va “Chechentelekom” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra bu yerga kelishgandi. Ushbu muhandislar Chechenistonda uyali aloqa, sun’iy yo‘ldosh va telefon aloqalarini o‘rnatish bilan shug‘ullanardi. Mahkumlar Grozniy shahrida joylashgan Lermontov ko‘chasidagi uyda yashardi.1998-yilning 4-oktabr kuni, taxminan, yigirma nafar qurollangan jangarilar ularning uyiga bostirib kirib, qo‘llarini bog‘lab, to‘rtalasini ham Achxoy-Martan tumaniga olib ketdi. O‘sha paytda jangarilar tomonidan chet ellik asirlar joylashtirilgan zindonda 65 yoshli dog‘istonlik Magomed Chaguchiyev ham bor edi.
Chaguchiyev hikoyasi
Tirik qolgan Chaguchiyevning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, jangarilar tomonidan uchta ingliz va bitta yangi zelandiyalikning qatl qilinishi videotasvirga tushirilgan. Keyin jangarilar ushbu videolarni boshqa asirlarni dahshatda ushlab turish uchun ularga qo‘yib bergan.60 yoshli Magomed Chaguchiyev iqtisod professori va Checheniston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari edi. U Londonda chiqadigan Sunday Times gazetasiga to‘rt kishining o‘limi haqidagi barcha tafsilotlarni aytib bergan. U chet elliklar bilan bir zindonda saqlangan va hamma narsani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.
Tirik qolgan Chaguchiyevninig so‘zlaridan angliyalik va yangi zelandiyalik injenerlar shafqatsiz o‘limni qabul qilishlaridan oldin qanday kunlarni ko‘rganini bilish mumkin. Mahbuslar muntazam qattiq kaltaklangan, ularning haftalik ovqatlari bir chelak suv va bir dona nondan iborat edi. Asirlarga oldin ijro etilgan qatllar va qiynoqlarning videolavhalari namoyish etilgan. Ular ruhan sindirilgan. Jangarilar avvaliga ularni josuslikda ayblashgan va ushbu aybni bo‘ynilariga qo‘yishga qattiq harakat qilgan.
Josusga aylantirilgan muhandislar
Uzoq davom etgan ruhiy va jismoniy qiynoqlardan so‘ng muhandislar harbiy forma kiyib, Chechenistonda turli telefon suhbatlarini tinglagani va keyin ularni Buyuk Britaniya va Isroil maxsus xizmatlariga ma’lumot sifatida yuborgani haqida kameraga gapirishga majbur bo‘ldi. Piter Kennedi, shuningdek, G‘arb razvedka xizmatlarining islomga qarshi faoliyatga aloqadorligini e’lon qilishga majbur bo‘ldi – go‘yoki ushbu tashkilotlarning Chechenistondagi asosiy maqsadi shu edi.Chaguchiyevning o‘zi Chechenistonga bir yil oldin g‘oyib bo‘lgan o‘g‘lini izlash uchun kelganida jangarilar tomonidan qo‘lga olindi. Professor chet ellik to‘rt muhandis bilan Urus-Martandagi kalamushlar va suvaraklar bilan to‘lgan zax yerto‘lada ikki oy o‘tirdi. “Biz u yerda o‘n bir kishi edik, — deydi Chaguchiyev. — Chelak hammaga hojatxona bo‘lib xizmat qilardi. Yerto‘la juda sovuq edi. Jangarilar o‘zini hayvonlar kabi tutdi”.
“Ular tunda yerto‘laga bostirib kirib, kimnidir olib ketardi va kaltaklashardi. Rudolf Petchi eng ko‘p kaltaklandi. Ehtimol, u ozgina rus tilida gapirgani sababli tez-tez kishanlanib, boks qopi sifatida ishlatildi. Uning tanasini tepib, go‘yoki karate bo‘yicha mashq qilishardi”, — deb eslaydi Chaguchiyev. 13-noyabr kuni mahbuslar boshqa yerto‘laga ko‘chirildi. Chaguchiyevning so‘zlariga ko‘ra, bir guruhdagi jangarilar ularni boshqa guruhga sotib yuborgan edi.
Qatl
7-dekabr kuni kamuflyaj forma va qora niqob kiygan terrorchilar, muhandislar va Chaguchiyevning o‘g‘li Raulni yerto‘ladan sudrab olib chiqib ketdi. Inglizlar va yangi zelandiyaliklarni avtomat qo‘ndog‘i bilan kaltakladi, so‘ngra uzun xanjarlar bilan boshlarini oldi.“Ularning boshlarini xuddi qo‘ylarnikiday kesishgan”, deb hikoya qiladi bu dahshatli voqea guvohi bo‘lgan Raul. Ertasi kuni ertalab jangarilar videokamera va televizor bilan yerto‘laga keldi. Ular kulib, yerto‘lada qolgan asirlarga vahshiylarcha amalga oshirilgan qotillik haqidagi qalbni vayron qiluvchi kadrlarni namoyish etdi.
Buxenvald mahbusi
8-dekabr kuni Grozniy yaqinidagi yo‘lda garovga olinganlarning kesilgan boshlari topildi. Oradan ikki hafta o‘tgach, tanalari ham topildi. Ushbu ikki kun o‘rtasida muhandislar bilan nima yuz berganini patologoanatom va sudmedekspert doktor Ien Uest London sudida aytib berdi. U hech bir emotsiyasiz, sovuqqon professionallarcha quruq dalillarni keltirib bayon qildi. U xuddi rezina qo‘lqopli qo‘llari bilan yana o‘sha to‘rtta jasadni his qilayotgandek edi. Zalni o‘lik sukunat qopladi.Zalda faqatgina qurbonlar qarindoshlarining yig‘isi eshitilardi. Garovga olingan to‘rt kishining hammasi “yomon ovqatlanishdan holdan toygan”, deb ta’kidladi shifokor. Eng zaifi Buxenvald (nemis konslageri) mahbusi kabi ozib ketgan Rudolf Petchi edi. “Aftidan, u chechen asirligida bo‘lgan ikki oy ichida umuman ovqatlanmagan”, deydi doktor Uest.
Petchi sobiq harbiy aloqa xodimi edi, rus tilini bilardi. Shuning uchun, ofitser sifatida u terrorchilar bilan muzokaralarni o‘z zimmasiga olgandi. Aynan shu sababli u eng ko‘p qiynoqqa solindi. Britaniyalik patologanatom aniqlaganidek, Petchining yuziga avtomat qo‘ndoqlari bilan urishgan edi. U va qolgan uch kishini ham “to‘mtoq qurollar” bilan, ya’ni o‘sha AK-47 qo‘ndog‘i bilan boshlarining orqa qismida urishdi. Shuning uchun o‘lim paytida garovga olingan ikki kishi behush holatda edi. Ammo ikkitasi – Daren Xiki va o‘sha Rudolf Petchilar ular bilan nima yuz berayotgani anglab, o‘limni qabul qildi, doktor Uestning bunga ishonchi komil edi.
Asirlar nega garov evaziga qilinmasdan o‘ldirildi?
Nima uchun ular o‘ldirildi? Nega jangarilar Britaniyaning Granger Telecom kompaniyasi tomonidan garovdagilarni ozod qilish uchun yig‘layotgan 4 million dollar to‘lovni kutmadi? Bunga prezident Aslan Masxadov va Chechenistondagi vahobiylarning eng nufuzli qo‘mondoni Arbi Barayev o‘rtasidagi ziddiyat sababchi edi. Masxadovning maxsus xizmatlari asirlarni ozod qilish uchun muvaffaqiyatsiz urinishni amalga oshirgan edi. Masxadovning Granger Telecom bilan 300 million dollarlik shartnoma imzolagan chechen firmasi bilan bog‘liqligi bor edi. Ammo Barayev butun dunyoga Masxadovni hurmat qilmasligini, bu yerda hamma narsani boshqarayotgan yagona odam Barayev ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edi...Oradan uch hafta o‘tgach, o‘sha paytdagi Checheniston hukumati, sakkiz ming dollar evaziga o‘ldirilganlarning jasadlarini jangarilardan sotib oldi.
Dog‘iston va Ozarbayjon orqali Piter Kennedi, Daren Xiki, Rudolf Petchi va Stenli Shouning qoldiqlari Angliyaga jo‘natildi. Rasmiy versiyalarga ko‘ra, Checheniston dala qo‘mondoni Arbi Barayev odam o‘g‘irlash va o‘ldirishda bevosita ishtirok etdi. Har holda Chechenistonning o‘sha paytdagi prezidenti Aslan Masxadov ushbu jinoyatlarga Arbi Barayev aloqadorligini ta’kidladi. Arbiy Barayev 2001-yilda FSBning maxsus operatsiyasi orqali o‘ldirildi.
Usama bin Laden izi...
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, chet ellik ish beruvchilar jangarilarga 10 million dollar miqdorida to‘lov taklifi bilan murojaat qilgan edi. Ba’zi mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu kelishuv amalga oshmay qolishiga “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotining o‘sha paytdagi yetakchisi Usama bin Laden tomonidan bu summaning uch baravari taklif qilingani ko‘rsatiladi, ammo bin Laden bu summani garovga olinganlar o‘ldirilishi uchun to‘lamoqchi bo‘lgan edi...Xulosa
O‘sha paytdagi Chechenistondagi tarqoq va chigal vaziyat bu qotilliklarning to‘liq ochilishiga to‘sqinlik qildi. Ushbu va shunga o‘xshash voqealar chechen urushlari davrida juda ko‘p ro‘y bergan, hammasi birinchi chechen urushidan boshlangan edi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...Nurbek Alimov tayyorladi.
Izoh (0)