Amerika Xitoy Kommunistik partiyasining bir qator a’zolariga viza cheklovini joriy etdi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeoga tayanib “Interfaks” xabar berdi.

Foto: “Report.az”

“Bugun men Xitoy va Kommunistik partiyaning mansabdor shaxslariga yoki birlashgan frontning ishchi bo‘limi faoliyatida ishtirok etuvchi shaxslarga nisbatan viza cheklovlarini joriy etmoqdaman”, — deydi Pompeo.

Pompeoning ta’kidlashicha, Xitoy Kommunistik partiyasi birlashgan frontining ishchi bo‘limi propaganda va Pekinning siyosiy kurslariga qarshilarni ta’qib qilish bilan shug‘ullanuvchi xorijiy tashkilotlarni moliyalashtiradi hamda qo‘llab-quvvatlaydi.

“AQShda xalqaro tartibga qarshi harakat qiladiganlarni xushlamasligini tushunishlari uchun viza cheklovlarni joriy etishda davom etaman”, — deydi AQSh davlat kotibi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning iyul oyida AQSh Huawei va Xitoyning boshqa texnologik kompaniyalari uchun viza cheklovlarini joriy qilgan edi. Davlat departamentining ma’lum qilishicha, bu kompaniyalar inson huquqlarining buzilishida ishtirok etayotgan mamlakatlar rasmiylariga yordam ko‘rsatmoqda.