Fransiyalik erkak mol-mulkining bir qismini Ermitajdagi mushuklarga meros qilib qoldirdi. Bu haqda muzey direktori Mixail Piotrovskiyga tayanib, Esquire xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

“Mushuklar haqida qayg‘urishni to‘xtatganimiz yo‘q, ularga hatto tashrif buyuruvchilar va internet foydalanuvchilari ham g‘amxo‘rlik qilmoqda. Mushuklarning o‘z metsenatlari bor: yaqinda fransiyalik erkak mushuklarimizga yaxshigina summani meros qilib qoldirdi — hozirda yuristlar bilan yozishmalar olib bormoqdamiz”, — deydi u.

Muzey xodimlari mushuklarga qoldirilgan meros haqida yozda xabar topgan, hozirda barcha hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari yakunlanmoqda.

Muzey xodimlari Fransiya fuqarosi nima sababdan bu kabi qarorga kelgani va u Peterburgda bo‘lgan yoki bo‘lmaganini aniqlay olmagan. Ermitajdagilarning taxminicha, metsenat “oddiy kamtar inson”.

Piotrovskiyning ta’kidlashicha, muzey saytida mushuklarga xayriya qilish imkonini beradigan alohida tugma yo‘q, biroq rivojlanish bo‘limi bilan bog‘lanilsa, ular rasmiylashtirish jarayonlari haqida ma’lumot berishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Italiyada Jerri laqabli mushukka o‘z xo‘jayinidan 30 ming yevro meros qolgan edi.