“O‘zgidromet” sinoptiklari qishning birinchi oyida kutilayotgan ob-havo prognozini e’lon qildi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, dekabr qish faslining birinchi oyi bo‘lsa ham, lekin eng sovuq davr hisoblanmaydi. Oy davomida sovuq va issiq to‘lqinlar kuzatiladi. Havo sezilarli soviganda ko‘pincha dekabr oylarida minimal harorat 11-16 daraja sovuq tushadi.

Dekabrda harorat 0-5 daraja sovuq bo‘lishi mumkin. Issiq to‘lqin kuzatilganda havoning maksimal harorati 14-19 daraja iliq, ayrim holatlarda esa 22-27 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Taqqoslash uchun, butun meteorologik kuzatuvlar davrida Toshkentda eng sovuq dekabr oylarida tunda harorat 20-23 daraja sovuq bo‘lgan. 1930-yil dekabr oyida esa 27-29 daraja sovuq tushgani qayd etilgan.

Oxirgi 10 yil ichida Toshkentda 2011, 2012-yillarda dekabr oyida eng past harorat 13 daraja sovuqni tashkil qilgan bo‘lsa, shu oydagi eng yuqori harorat (2012, 2013, 2016-yillarda) 23 daraja ko‘tarilgan.

Dastlabki baholarga ko‘ra, bu yilgi dekabr harorat ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Oy davomida haroratning kechasi 0-5 daraja sovuqdan 2-7 daraja iliq, kunduzi 0-5 daraja iliqdan 10-15 daraja iliq o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimolida tunda 8-10 daraja sovuq bo‘lishi mumkin. Oyning ikkinchi yarmida esa 12-15 daraja sovuq bo‘lishi mumkin.

Dekabrda yog‘ingarchilik yomg‘ir qor ko‘rinishida bo‘ladi. O‘zbekiston bo‘yicha yog‘inli kunlar o‘rtacha 5 kundan 13 kungacha tashkil qilishi mumkin. Bir kecha kunduzda maksimal yog‘inlar miqdori sutkalik me’yordan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Oxirgi 10 yil ichida namgarchilik ko‘p bo‘lgan dekabr 2013, 2016, 2019-yillarda qayd etilgan, masalan, 2019-yil 22-dekabrda maksimal sutkalik yog‘inlar miqdori Toshkentda 34 millimetrni tashkil qilgan.

Dekabrda yog‘inlar miqdori me’yorida, ayrim joylarda me’yordan yuqori, shimolda esa ayrim joylarda me’yordan past bo‘lishi kutilmoqda (Toshkentda dekabr oyi uchun yog‘inlar 59 milliometrni tashkil qiladi). Yog‘ingarchilik oy davomida vaqti-vaqti bilan kuzatiladi.