Jizzax viloyatining Baxmal tumanida 20-noyabr kuni axborot-kutubxona markazi ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimligi tomonidan e’lon qilingan ochilish marosimi suratlarida erimagan qor, qalin kiyingan erkak va ayollar hamda yupun kiyimlarda turgan maktab o‘quvchilarini ko‘rish mumkin.

Foto: Baxmal tumani hokimligi

Bolalar kun sovuq havo bo‘lishiga qaramay, ochilish marosimiga tashrif buyurganlarni kutib olish uchun ko‘chaga ustki kiyimsiz chiqarilgan.

Foto: Baxmal tumani hokimligi

Ushbu holatga izoh olish maqsadida “Daryo” Baxmal tumani hokimligi bilan bog‘lanishga harakat qildi, ammo hokimlik rasmiy sahifasida ko‘rsatilgan raqamlarga qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Foto: Baxmal tumani hokimligi

Eslatib o‘tamiz, shu yilning yanvar oyida Farg‘onaning Cho‘ng‘arasiga tashrif buyurgan Shuhrat G‘aniyevni atlas ko‘ylakli qizaloq non bilan kutib olgandi. Hokim va safdoshlari qalin kiyimda, qizcha esa yupqa atlas ko‘ylakda turgani ijtimoiy tarmoqlarni junbishga keltirib, ko‘plab tanqidiy post va izohlar yozilgach hokimlik matbuot xizmati munosabat bildirib, qizcha atigi ikki daqiqa ochiq havoga chiqqanini yozgandi.

22-noyabr kuni esa ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi 43-maktab o‘quvchilarining sovuqda ikki qator bo‘lib, yupun kiyimlarda bayroq ko‘tarib mahalliy amaldorlarni kutib olayotgani aks etgan surat tarqaldi. Bolalar 19-noyabr kuni “Yangi O‘zbekiston — yangicha dunyoqarash” shiori ostida O‘zbekistonda ko‘zga ko‘ringan ziyolilar, san’at, fan-madaniyat xodimlari hamda faol nuroniylardan iborat targ‘ibot guruhini kuzatgani olib chiqilgani ma’lum bo‘lgan.

Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabatida rasmdagi bolalar 2—3 daqiqa tashqarida qolishgani, so‘ng sinf xonalariga kirishgani aytilgan. Voqeadan so‘ng ushbu maktab direktori va uning o‘rinbosari ishdan olingan.