2020-yilning 10 oyi davomida O‘zbekistonga xorijdan 87 ta elektromobil import qilingan. Bu ko‘rsatkich 2019-yilning mos davri bilan solishtirganda 58 taga ko‘p. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar qilgan.

2020-yilning 10 oyi davomida Xitoydan – 54 ta, Koreyadan – 12 ta, Gruziyadan – 7 ta hamda Germaniya, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Chexiya kabi davlatlardan 14 ta elektromobil import qilingan.

O‘zbekiston oktabr oyida xorijdan 5 ta elektromobil sotib olgan. “Davstatqo‘m” ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yilda import qilingan elektromobillar uchun 2,2 million AQSh dollari sarflangan.

Avval O‘zbekistonda Labo avtomobili bazasida elektromobil yaratish loyihasi amalga oshirilayotgani, Labo’ning elektromodeli ishlab chiqilgach uning sarf-xarajatlari keskin kamayishi haqida xabar berilgandi. Oktabr oyida O‘zbekistonga 2020-yilning 9 oyida xorijdan 82 ta elektromobil import qilingani, import qilingan elektromobillar uchun 2,1 million AQSh dollari sarflangani ma’lum qilingan.