Twitter kompaniyasi xabarlar, surat va videolar e’lon qilinganidan 24 soat o‘tib o‘chib ketadigan yangi Fleets (“flitlar”) funksiyasi ishga tushirilganini e’lon qildi.

Foto: The Economic Times

Kompaniya blogida yozilishicha, “flitlar” foydalanuvchilarga bir lahzalik fikrlar bilan almashish va boshqalar bilan muloqotda o‘zini ancha qulay his qilish imkonini beradi.

Yaqin kunlar ichida “flitlar” Twitter’ning barcha foydalanuvchilarida paydo bo‘ladi.

O‘z-o‘zidan o‘chib ketadigan xabarlar 2013-yilda Snapchat mobil ijtimoiy tarmog‘i Stories funksiyasini joriy etganidan so‘ng ommalashdi. Snapchat Stories’da materiallar bir sutka davomida saqlanadi va muallifning yangi postlaridan iborat slaydshouga o‘xshab ko‘rinadi. 2016-yilda Stories formati Instagram’da, keyinroq Facebook va YouTube’da ham paydo bo‘lgan.

Avvalroq Instagram’da “o‘z-o‘zidan yo‘qolib qoladigan” xabarlar funksiyasi paydo bo‘lishi to‘g‘risida xabar berilgandi.