Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Farg‘ona vodiysi aholisini boshqa viloyatlar bilan bog‘lovchi A-373 Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining “Qamchiq” davoni qismida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘llarning sozligi va yo‘lsozlar hayoti haqida “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov reportaj tayyorladi.

Toshkent—O‘sh magistral avtomobil yo‘lining dovondagi qismiga “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xizmat ko‘rsatadi. Korxona bosh muhandisi, 30 yillik tajribaga ega yo‘lsoz Odiljon Ne’matovning aytishicha, korxonaning asosiy faoliyati mazkur yo‘lda har qanday sharoitda yo‘lovchi va avtoulovlarning xavf-xatarsiz, uzluksiz harakatini ta’minlashdan iborat:

Odiljon Ne’matov

Odiljon Ne’matov
Yo‘l bo‘limi ishchilari ertalab turib, nonushtadan so‘ng o‘zlariga biriktirilgan yo‘l qismlarida saqlash ishlarini boshlaydi.

Birinchi navbatda, yo‘ldagi mavjud harakatni tartibga soluvchi yo‘l va boshqa belgilarni saqlov ishlari amalga oshiriladi. Yo‘lovchilar tomonidan yo‘llarga tashlab ketilgan axlatlar tozalanadi.

Haydovchilar yo‘lni chet qismiga mashinani to‘xtagan vaqtda balon tagiga toshlar qo‘yib, ba’zan toshni olmay ketadi. Qoldirib ketilgan toshlar boshqa avtotransport vositasi harakatiga xalal berishi oqibatida yo‘l transport hodisasi bo‘lishi ehtimoli bor. Buning oldini olish maqsadida yo‘l qoplamasida harakatga xalal beruvchi jismlardan tozalanib, yo‘l belgilariga zarar yetmaganligi nazoratdan o‘tkaziladi. Keyin esa saqlov va supurish ishlari amalga oshiriladi.

Dovonda qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida har bitta yo‘l bo‘limida rejaga muvofiq qum, tuz zaxirasi jamlangan. Qishki qarov ishlarini bajarish uchun 115 ta mashina-mexanizmi biriktirilgan bo‘lib, qor surish va tuz sepishga mo‘ljallangan maxsus 14 ta mashina bo‘limlarga ajratilgan.

Borillo Muhiddinov

Borillo Muhiddinov

Yog‘ingarchilik vaqtlarda mashinalarni saqlash uchun 2020-yilda 12 dona avtomashinaga mo‘ljallangan yopiq bino qurib bitkazilgan. Korxona haydovchisining ta’kidlashicha, ushbu bino qishning sovug‘ida ham tezda mashinani qizdirib, belgilangan manzilga zudik bilan yetib borishga yordam beradi: “Ishni bajarish samaradorligimiz ham oshadi. Qizdirishga ketgan yoqilg‘i sarfi kamayadi”.

12 dona avtomashinaga mo‘ljallangan yopiq bino

12 dona avtomashinaga mo‘ljallangan yopiq bino

To‘rt yildan buyon korxonada ishlovchi farg‘onalik Sherzod Hakimovning aytishicha, u bu ishga korxonada ishlovchi hamqishlog’ini ko‘rib qiziqib qolgan.

Sherzod Hakimov

Sherzod Hakimov

“Bir oyda 14 kun ishlaymiz, 3 million, 3 million 200 ming so‘m oylik olaman. Qishki kiyim bosh berishadi, uch mahal issiq ovqat, yotoq-joy bilan ta’minlanganmiz. Bu yil yo‘l sohasi bo‘yicha o‘qishga topshirib kirolmadim, keyingi yil yana topshirmoqchiman”, – dedi u.

Bosh muhandis Odiljon Ne’matov 257-yo‘l bo‘limida ishchilar uchun qurilayotgan yotoqxona haqida ma’lumot berar ekan, ilgari bu yerda ichilar moslashtirilgan vagon konteynerlardan foydalanishganini aytib o‘tdi:

Moslashtirilgan vagon konteynerlar

Moslashtirilgan vagon konteynerlar
Ishchi xodimlar tongda va ish yakunidan kelgandan keyin yuvinish va kiyim almashtirish uchun tashqarida moslashtirilgan vagon konteynerlardan foydalangan.

Yuz qo‘lini yuvish uchun ham tashqariga chiqishga to‘g‘ri kelar edi. Bu ishchi xodimlarimizga noqulaylik tug‘dirardi. Ayniqsa, qish kunlari sovuq, ishchilar oyoq kiyimlari loy bo‘lib, yana shu holatda yotoqxonaga kirishga majbur bo‘lardi. Bu muammolarni bartaraf etish maqsadida ikki qavatli sanuzel binosi qurilmoqda. Bu binoni ichida yuvinish, kiyim almashtirish xonlari alohida-alohida barpo etilmoqda.

Shuningdek, ba’zi xodimlarga yotoq-joy yetishmas edi. Ular ham tashqarida moslashtirilgan vagonlarda yotishga majbur bo‘lgan. Ular uchun qo‘shimcha yotoqxona binosi qurilmoqda yana. Shunday sharoit qilinmoqdaki yotoqxonadan chiqmasdan, bemalol yuvinib-taranib, oshxonaga chiqib, ovqatlanib yana yotoqxonaga kirib dam olish mumkin. Binoning tepa qismida xodimlar uchun alohida dam olish xonasi ham qurilmoqda.

257-yo‘l bo‘limi

257-yo‘l bo‘limi

Havfli burilish kelayotganini va mudrab qolgan haydovchilarni sergaklikka tortuvchi “shovqin chiqaruvchi” belgilar. Oq yo‘l-yo‘l belgilar yerdan ma’lum balandlikda joylashtirilgan.

Korxona kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Mamurjon Naziraliyevning ma’lum qilishicha, korxonada 920 nafar xodim xizmat qiladi.

Mamurjon Naziraliyev

Mamurjon Naziraliyev

“Ularni ijtimoiy himoya qilish maqsadida uch mahal issiq ovqat bepul berilmoqda. O‘tgan 2019-yili 100 nafar xodim Buxoro shahriga sayohatga olib borildi. Bu yil ham rejamizda ishchi xodimlarni dam olishi uchun yurtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatga yuborish rejamizda bor edi. Afsuski, pandemiya sababli bu ishlarimiz to‘xtab qoldi”, – dedi Mamurjon Naziraliyev.

Shavkatjon Tojiboyev

Shavkatjon Tojiboyev
Ertalab turib, soat 07:00 dan to tushgacha yo‘lda tozalov ishlarini, yo‘l qarovi bilan shug‘ullanamiz. Tushlikni qilgandan keyin soat 13:00 da yana ishga qaytamiz. Kechki 18:00 ga borib dam olishga kirib ketamiz.

Tog‘alarim ham yo‘lsoz bo‘lgan. Yoshligimdan yo‘l sohasida ishlash niyatim bo‘lgan. Rizqimiz yo‘l sohasiga qo‘shilibdi, men bundan xursandman va afsuslanmayman. O‘ziga yarasha qiyinchiliklari, havoni sovug‘i bor. Lekin issiq kiyim-kechaklar bor, sovuq ham bilinmaydi. Gapni ochig‘i, bu yerdan uyga borsam sovqotib qolaman.

Ishga kirganimga 17 yil bo‘ldi. Bu yo‘llar 17 avval yo‘llarda chuqurlar ko‘p, ta’mirtalab edi. Hozir ko‘rgan odam havas qiladi. Ba’zida haydovchilar va yo‘lovchilar rahmat aytib o‘tib ketishadi. Shu ishdan halol mehnat qilish, nafaqalarga chiqish niyatim bor. Boshqa ishga o‘tish niyatim yo‘q. Shunday yaxshi joyni tashlab qayga boraman. Shu yerda ishlab, tirikchilikni o‘tkazyapmiz, uy joy qilyapmiz. Mahalla ko‘yda bizga ko‘pchilik havas qiladi. “Bizni ham ishga oladimi?”, — deb so‘raganlar ko‘p bo‘ladi.

Bir yil avval har bitta bo‘limimizda kutubxonalar tashkil qilindi. Men ham kutubxonadan foydalanib kitob o‘qib turaman. Ko‘proq she’riyatga qiziqaman. Muhammad Yusuf, G‘ag‘ur G‘ulom, Abdulla Oripovni, Mixail Bulgakov va boshqalarning asarlarini o‘qib turaman. Korxonamiz tomonidan o‘tkazilan “Eng kitobxon ishchi” tanlovida qatnashib g‘olib bo‘lganim uchun menga uch oklad mukofot puli va Xorazmga sayohatga yo‘llanma berishdi.

Yo‘lovchilarni orasida befarosatlari ham bor, axlat tashlab ketadi. Ulardan birovning mehnati qadriga yetishini so‘ragan bo‘lar edim. Toza tursa, yaxshi narsaga odam qarasa, ko‘ngili yorishadi-ku”.

Shavkatjon Tojiboyev, korxona ishchisi

Nazorat punkti

Turli ko‘ngilsiz hodisalarda yo‘lovchilarga yordam berish maqsadida “Qamchiq” davonining 14 ta qismida nazorat punktlari tashkil etilgan. Bosh muhandis Odiljon Nematov ushbu punktlar qanday maqsadlar uchun qurilgani haqida tushuntirish berdi:

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bosh vazirlik vaqtlarida “Qamchiq” dovoniga ko‘p marotaba kelib, sharoitlarni o‘rganib ketardi. Tashriflarining birida, “Biror yo‘lovchini mazasi qochib qolsa yoki avtomashina buzilib qolsa, yo‘l-transport hodisasi bo‘lsa, yo‘l patrul, FVV va tez tibbiyot yordam xodimi qayerdan yetib keladi?”, degan savolni oldimizga qo‘ygan edi. Shu masalalarga yechim sifatida dovonning 14 ta qismida tibbiyot, FVV va yo‘l patrul xizmati xodimi faoliyat yuritadigan nazorat punktlarini tashkil etish taklifini bergan. Hozirgi kunda yo‘lovchilarga turli vaziyatlarda yordam berish uchun barcha punktlarda mas’ul idora xodimlari faoliyat yuritib kelmoqda.

Xavfli jarayonlarni kuzatish davlat xizmati Angren bo‘limi ko‘rsatmasiga asosan 3 ta qismida tog‘ jinslarini transport vositalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf solib, yo‘lga tushish xavfini bartaraf etmish ishlari bajarilmoqda.

Odiljon Ne’matov “Daryo” ijodiy jamoasini yo‘lovchi va haydovchilarni eng ko‘p e’tirozlariga sabab bo‘lgan yo‘l qismida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

“Toshkent—O‘sh avtomabil yo‘lining 213-kilometri avval sementa-beton qoplamadan iborat edi. Yo‘ldagi yorilishlar, cho‘kishlar va yemirilishlar hisobiga harakatlanishda noqulayliklar yuzaga kelgan edi. Haydovchi va yo‘lovchilarning jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘layotgan yo‘lning 13 kilometr qismida loyiha bo‘yicha rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Yo‘lga hozirgi zamon talablariga javob beradigan geosetka, uni ustidan yirik donali 9 santimetrli asfalt-beton qoplamasi va uning ustidan 6 santimetrli mayda zarrali sementa-beton qoplama yotqizish rejalashtirilgan. Hozirda oxirgi qatlam 6 santimetrli mayda zarrali sementa-beton qoplamani yotqizish ishlari olib borilmoqda”, – dedi bosh muhandis.

Yo‘lsozlar faoliyati bilan tanishish asnosida dovonda yo‘lovchi va haydovchilardan yo‘llar, undagi yo‘l belgilaring ahvoli haqida so‘rov o‘tkazildi. So‘rovga javob berganlarning aksari yo‘llar yaxshi holatda ekanligini aytib, yo‘lsozlardan ba’zi yo‘l qismlaridagi ta’mirlash ishlarini tezroq oxiriga yetkazishlarini so‘rashdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Toshkentdagi ayrim ko‘chalarda tezlik pasaytirilishi kutilmoqda
Mahalliy
“O‘zbekona urf-odatlarga to‘g‘ri kelmaydigan raqs”. Navoiyda raqsga tushgan qizlarning ota-onalariga chora ko‘rildi (video)
Dunyo
Alla Pugachyova farzandlari bilan birgalikda Rossiyani tark etdi