Hyperloop — vakuum poyezd bo‘lib, uning ishlash prinsipi havosiz muhitdagi tunnelda magnit levitatsiya hisobiga harakatlanadigan kapsuladan iborat. Poyezd shovqinsiz harakatlanadi va tezligi bo‘yicha zamonaviy tezliklardan ikki barobarga ortiq, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Korail

Futuristik transport mexanizmini sinovdan o‘tkazish uchun bir nechta poligonlar mavjud. Ulardan biri Janubiy Koreyada joylashgan bo‘lib, u yerda vakuum poyezdlarni Korail (Koreya temir yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti) tajribadan o‘tkazadi.

So‘nggi sinovlarning birida kapsula soatiga 1019 kilometrga qadar erishgan. Yana ozgina harakat qilganida vakuum poyezd tovush tezligiga erishgan bo‘lardi — 1193 km/soat. Bunga qadar Janubiy Koreyadagi sinovlar natijasi 714 km/soatdan oshmagan.

Amerikaning Hyperloop TT kompaniyasi bosh direktori Dirk Albornning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya vakuum poyezdlar tarmog‘ini ishga tushiradigan dunyodagi birinchi mamlakatga aylanishi mumkin. Bu 2024-yilda sodir bo‘ladi.

Yaqinda yana bir boshqa poligonda — Las-Vegas yaqinidagi DevLoop’da ikki kishi ishtirokida sinovlar o‘tkazildi: Virgin Hyperloop texnik direktori Josh Gigel va mijozlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Sara Luchian. Kapsula soatiga 160 kilometr tezlikka erishgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda birinchi Hyperloop quvurining qurilishi 2020-yilda boshlanishi va 50—60 kilometr uzoqlikdagi manzilga borish besh dollarga tushishi ma’lum bo‘lgandi. 2018-yilda esa Hyperloop Transportation o‘zining birinchi tijoriy qurilmasini BAAda qurishi to‘g‘risida xabar berilgandi.