Toshkent hokimligi qarzlar bozoriga kirib, 500 million dollarlik yevroobligatsiyalarni joylashtirishni rejalashtirmoqda. “Gazeta.uz”ning xabar berishicha, bu haqda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 6-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

“Yevroobligatsiyalar masalasiga kelsak, shahar Fitch reytingiga ega. Unga 500 million (dollar) beraman. 100 millionni, ruxsat bersangiz, kasalxonalarga ishlatsak”, — degan shahar hokimi Prezidentga murojaat qilib.

Yevroobligatsiya (yevrobond) — xalqaro moliya bozoridan qarz jalb etish uchun o‘rnatiladigan qimmatli qog‘oz, obligatsiya kuponlar.

Budjet qonunchiligiga binoan (142-modda) O‘zbekistonning shahar va viloyatlari ichki yoki tashqi bozorda qarz mablag‘larini jalb qilish huquqiga ega emas. Shu bilan birga, Prezident farmoni bilan Toshkentga ichki obligatsiyalarni chiqarish bo‘yicha eksklyuziv huquq berildi (yevroobligatsiyalar tashqi bozorga chiqishni ta’minlaydi), ya’ni poytaxt hokimi o‘zini qoplaydigan investitsion loyihalari uchun aholining foydalanilmayotgan mablag‘larini poytaxt obligatsiyalari yoki tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlari aksiyalari ko‘rinishidagi qimmatli qog‘ozlarni chiqarish yo‘li bilan jalb qilishi mumkin.

“Gazeta.uz” bu bo‘yicha poytaxt ma’muriyati matbuot xizmatidan tushuntirish ololmagan. Shu bilan birga, Moliya vazirligi hokimiyatning obligatsiyalar chiqarish rejalaridan xabardor emasligini ma’lum qilgan. Eslatib o‘tamiz, Moliya vazirligi suveren qarz olish bo‘yicha barcha operatsiyalarni, shu jumladan, korporativ (bank) qarz majburiyatlarining emissiyasini nazorat qilish vakolatiga ega organ hisoblanadi.

Avvalroq prezident Toshkentdagi sog‘liqni saqlash tizimi umuman ishdan chiqqanligini — tartib, intizom yoki talab yo‘qligini ta’kidlagan edi. U sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Anvar Alimov va hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga Turkiya va boshqa mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tizimini o‘rganish hamda uni poytaxtda tatbiq etish to‘g‘risida taklif kiritishni buyurdi.

2019-yil iyun oyida Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkentni xorijiy va mahalliy valyuta bo‘yicha uzoq muddatli reytingga baholadi va barqaror prognoz qilgan holda “BB-” darajasini berdi. 2020-yil iyun oyida agentlik ushbu reytingni tasdiqladi. Shahar, shuningdek, “aa” qarz yuki bo‘yicha barqarorlik reytingini oldi. Emitentning defolt reytingi bo‘yicha shahar hisobotlarining zaif amaliyoti va shaffoflik darajasi tufayli xalqaro standartlardan ortda qolgan holda, mustaqil kredit reytingidan bir pog‘ona past bo‘lgan “bb” bahoga ega bo‘ldi.

Fitch Toshkent shahrini har yili naqd pul oqimi orqali qarzni to‘lash bo‘yicha xarajatlarni qoplayotganligi sababli B tipidagi submilliy tashkilot sifatida tasnifladi. O‘zbekistondagi submilliy subyektlarga budjetlararo kreditlardan tashqari, boshqa turdagi qarzdorlik, shuningdek, kafolatlar berilishi taqiqlanadi.

Toshkentning to‘g‘ridan to‘g‘ri qarzi yo‘q bo‘lsa-da, shahar investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun davlatga qarashli kompaniyalari orqali qarz jalb qiladi va ushbu kompaniyalarga qarzlarni to‘lashda yordam beradi. Qarzning katta qismi chet el valyutalarida ko‘rsatilgan, bu esa milliy valyutaning o‘zgaruvchanligi sababli shaharni sezilarli darajadagi valyuta xavfiga duchor qiladi, deyiladi xabarda.