Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan shahrining Amir Temur ko‘chasidagi sobiq “Kichkintoylar bog‘i”da olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

6 gektarni egallagan mazkur hududda UMS Holding asoschisi, kelib chiqishi namanganlik bo‘lgan tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan Xalqaro biznes markazi qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu markaz Kongress-xoll, biznes maktabi, mehmonxona, ekopark, sport-sog‘lomlashtirish inshootlarini o‘z ichiga oladi. Sun’iy ko‘llar, favvoralar, avtoturargohlar barpo etiladi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

Bir muddat mazkur markaz qurilishi to‘xtab qolgan va uning kelajagi borasida savollar tug‘ilayotgandi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

“Xalqaro biznes markazi qurilishi bahor oylaridan boshlanadi. Bu yerda kelgusida xalqaro simpoziumlar, biznes-forumlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shu orqali Namanganga investitsiyalar kirib kelishi jadallashadi, biznes-turizm uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Mazkur markaz Namanganning o‘ziga xos brendiga aylanadi”, — dedi viloyat hokimi.

Ma’lumot uchun, Alisher Usmonov tomonidan Namangan shahrining Islom Karimov ko‘chasida 6400 kvadrat metr maydonga ega 4 qavatli zamonaviy kutubxona ham qurib bitkazilmoqda.