Abdulaziz Komilov Toshkentda Abdullo Abdulloni qabul qildi. O‘zbekiston Afg‘onistonni integratsion jarayonlarga jalb etishni muhim deb hisoblaydi
11-noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston Oliy milliy yarashuv kengashi raisi Abdulla Abdulla bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, suhbat chog‘ida turli sohalardagi ko‘p qirrali O‘zbekiston—Afg‘oniston munosabatlari holati va ularni yanada faollashtirish istiqbollari muhokama qilingan. Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatish hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta‘minlashning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashilgan.
“Transport, logistika, energetika, savdo va ta‘lim sohalarida investitsiya va infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e‘tibor qaratildi”, — deyiladi xabarda.
Afg‘onistonda tez orada tinchlik va barqarorlikka erishish uchun mazkur mamlakatni Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlariga jalb qilishni jadallashtirishning muhimligi qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, muzokaralarda ikki tomon kun tartibining o‘zaro manfaatli boshqa masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ShHTni Afg‘onistonga ko‘mak berish bo‘yicha rejani qabul qilishga chaqirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mavzuga doir: “Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonga xavf, tahdid paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz” — “Tolibon” vakili