2020-yilning III choragida O‘zbekiston oltin sotish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egalladi. Bu vaqt oralig‘ida Markaziy bank 35 tonna oltin sotgan. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlarida keltirilgan.

Foto: Reuters

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinni 22 tonna oltin sotgan holda Turkiya egallab turibdi. Shuningdek, Rossiya 1,2 tonna ko‘rsatkichi bilan faol oltin sotuvchi mamlakatlar qatoridan joy olgan.

Forbes nashrining yozishicha, III chorakda oltinga bo‘lgan talab 2009-yil III choragidan beri eng past darajaga tushgan va koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir paytda 892,3 tonnaga kamaygan.

Oltin savdosining ortishi mamlakatlarda pandemiya sababli kuzatilayotgan iqtisodiy zarbani yumshatish uchun oltinga bo‘lgan rekord darajadagi narxlardan foydalanib qolish maqsadlari bilan bog‘liq. Oltin narxi avgust oyining boshida unsiyasi uchun rekord darajaga, ya’ni 2067 dollarga ko‘tarilgan.

Avvalroq O‘zbekiston 2020-yilning iyul oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Shuningdek, avvalroq O‘zbekiston avgust oyida 2,5 milliard dollaridan ziyod summaga oltin eksport qilgani haqida xabar bergan edik. Shu yilning yanvar—sentabr oylarida O‘zbekiston 5,8 milliard dollarlik oltin eksport qilgan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi boshlarida O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari may oyidan buyon birinchi bor qisqardi. Mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 1-sentabr holatiga ko‘ra, 34,6 milliard dollarni, xalqaro zaxiralar — 33,8 milliard dollarni tashkil etdi. Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov oltin-valyuta zaxirasini sotib, mablag‘larni mamlakat iqtisodiyotini qutqarishga va ishsizlar soni ortishining oldini olishga yo‘naltirish mumkinligini aytgandi.