Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olishni taklif qildi. “RBK” nashri “Yerevan haqiqatan ham bunday qadamga tayyormi va bu da’vatga dunyo hamjamiyati quloq soladimi?” — degan savolga javob izladi.

Foto: “TASS”

Qorabog‘ mustaqilligi qanday qilib siyosiy kun tartibiga kirdi?

Sentabr oxirida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi va Ozarbayjon tutashgan chiziqda faol jangovar harakatlar boshlanganidan buyon Tog‘li Qorabog‘ni tan olish mavzusi doimiy ravishda Yerevandagi mitinglarda, armanistonlik siyosatchilar va G‘arb parlamentariylarining gaplarida yangramoqda.

TQR mustaqilligini tan olish zarurati Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirokidagi ko‘p sonli intervyularda asosiy mavzulardan biriga aylandi. “Tog‘li Qorabog‘ning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi, ya’ni Tog‘li Qorabog‘ning maqomi biz uchun strategik muhim rolga ega”, — degan edi Pashinyan 19-oktabr kuni “TASS” agentligiga bergan intervyusida. “Jangovar harakatlarga nuqta qo‘yishning faqat bitta usuli bor, bu Arsaxni (Tog‘li Qorabog‘ning armancha nomi) “qutqarish uchun ajratish” tamoyili bo‘yicha xalqaro tan olishdir. Boshqa yo‘l yo‘q”, — deb qat’iy aytgan edi u, 18-oktabrda Italiyaning Corriere della Sera nashriga bergan intervyusida. Oy boshida “RBK”ga bergan intervyusida Armaniston bosh vaziri tan olish masalasi muhokama qilinayotganini bildirgan edi. 2018-yilda hukumat tepasiga kelib, Pashinyan TQR mustaqilligini tan olish Armaniston siyosiy kun tartibida turganligini ko‘p bora ta’kidlagan edi.

TQR mustaqilligini tan olish zaruriyati haqidagi bu diskurs hozir paydo bo‘lgani yo‘q, u Qorabog‘ harakati boshidanoq mavjud, deb eslatadi Yerevandagi Kavkaz instituti direktori Aleksandr Iskandaryan.

Nima uchun Yerevan hamon TQR mustaqilligini tan olgani yo‘q?

Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi 1991-yil 2-sentabr kuni Tog‘li Qorabog‘ viloyat kengashi va qo‘shni Shaumyan tumani kengashi deputatlari tegishli deklaratsiyani qabul qilganidan keyin e’lon qilingan edi. Bungacha Qorabog‘ muxtor viloyat huquqi asosida Ozarbayjon SSR tarkibiga kirgan. Ushbu hujjat, TQR prezidentining rasmiy portalida ta’kidlanishicha, sobiq ittifoq qonunchiligi me’yorlariga hamda xalqaro huquq dalolatnomalarida belgilangan xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga muvofiq qabul qilingan. 1994-yilda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi ikki yillik urushdan keyin sulh tuzilgan, TQRda esa prezident shaklidagi boshqaruv tashkil qilingan edi. O‘shandan buyon o‘tgan 26 yil davomida Armaniston Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining bosh homiysi bo‘lib kelmoqda, BMTning boshqa a’zolari TQR mustaqilligini tan olmadi.

“1992-yilda Minsk muhokama jarayoni boshlandi, YeXHTning Minsk guruhi tuzildi. Muhokama jarayoni davom etayotgan vaqtda Tog‘li Qorabog‘ning maqomini aniqlash uning boshlang‘ich nuqtasi bo‘la olmasdi, bu uning yakuniy nuqtasi bo‘lishi kerak edi”, — deya armancha qarash mantig‘ini eslatadi Iskandaryan. Boku vakillari TQR vakillari bilan muzokaralar olib borishdan bosh tortdi, respublikaga Armaniston vakillik qildi, mustaqillikning tan olinmasligi u tomonidan muzokaralar jarayoni davom etishi uchun qilingan yon berish bo‘ldi.

YeXHTning Minsk guruhiga Rossiya, Fransiya va AQSh hamraislik qiladi, uning doimiy a’zolari esa Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Germaniya, Italiya, Shvetsiya, Finlyandiya va Turkiyadir. Nizoni tartibga solish bo‘yicha 2009-yilda kelishilgan tamoyillarga ko‘ra, Ozarbayjonga Tog‘li Qorabog‘ga tutash hududlar qaytarilishi, Tog‘li Qorabog‘ga esa o‘tish maqomi berilishi kerak edi. Armaniston va TQR o‘rtasida transport yo‘lagi ta’minlanishi, Qorabog‘ maqomini aniqlash esa xalq xohishi asosida o‘tkazilishi kerak edi.

Armaniston tan olishga rozi bo‘ladimi?

2016-yil aprelida jangovar harakatlar kuchayganidan keyin Armaniston hukumati (u vaqtda prezident Serj Sargsyan edi) parlamentga Qorabog‘ni tan olish haqidagi qonun loyihasini yo‘naltirdi. Ammo deputatlar buni bemavridlikka yo‘yib, loyihani ko‘rib chiqmadi. Hozir vaziyat o‘zgardi. Pashinyan ishonch bildirishicha, aynan tan olmaslik Bokuni jangovar harakatlarga undamoqda. “Shu paytgacha hech kim Qorabog‘ning mustaqilligini tan olmaganligiga kelsak, aynan shuning uchun Tog‘li Qorabog‘ xalqi o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun Qorabog‘ xalqi, Armaniston xalqi olib borayotgan kurash hamon davom etmoqda”, — deya tushuntirdi u France 24 telekanali efirida.

Agar urush boshlanguncha tan olish yoki tan olmaslik masalasi muzokaralar jarayonida bosim o‘tkazish vositasi bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi Ozarbayjon—Turkiya tajovuzi hamda Arsax va uning aholisiga qarshi yollanma jangchilarning qo‘llanilishi Armanistonga ushbu masalani yangicha “qutqarish uchun tan olish” formulasi bo‘yicha yechishdan boshqa yo‘lni qoldirmayapti”, — dedi Siyosiy va huquqiy tadqiqotlar markazidan armanistonlik siyosatshunos Jonni Melikyan. “Agar jangovar harakatlar davom etsa va Qorabog‘da ‘apokalipsis boshlansa’, Yerevan tan olishga rozi bo‘lishi mumkin”, — deydi Iskandaryan. “Arsaxni tan olish — bu ham ichki so‘rov, ham ekzistensial zaruriyat. Ammo bu ssenariy amalga oshishi uchun yetarli darajada samarali diplomatik mehnat hamda xalqi va askarlari bu zarbani o‘ziga olib, Rossiya manfaatlarini ham himoya qilgan holda o‘z ittifoqdoshlik burchini bajarayotgan Armaniston ittifoqdoshlarini ham jalb etish zaruriyati talab etiladi”, — dedi Melikyan.

“Rossiya bilan kelishmasdan turib, Armaniston bu masalani hal qilmasligi aniq, Rossiyaning o‘zida esa, vaziyatga qaraganda, hech kim bunga rozi bo‘lmaydi”, — deya ishonch bildirmoqda Rossiya davlat gumanitar universiteti dotsenti Aleksandr Gushchin. Uning fikricha, Yerevan tan olishga umuman rozi bo‘lmaydi, chunki bu strategik jihatdan keraksiz qadam: “Ha, Armaniston jamoatchiligi orasida bu jiddiy masala, ammo siyosiy nuqtayi nazardan bunday yechim hech narsa bermaydi va faqat Armanistonning xalqaro maydondagi pozitsiyasini murakkablashtiradi, shuningdek, yangi tinchlik jarayonini tashkil qilish istiqbollariga jiddiy zarba beradi”. “Armaniston bunday qadamni qo‘yadi, deb o‘ylamayman, biroq hatto Yerevan bunga rozi bo‘lsa ham, uni Yevropada qo‘llab-quvvatlashlari amri mahol”, — dedi Tashqi siyosat tadqiqotlari institutida “Markaziy Osiyo” dasturi eksperti Maksimilian Xess. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bunday tashabbusni Kosovogina qo‘llab-quvvatlashi mumkin, ammo hatto bu ham kafolatlanmagan.

Tan olish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev qat’iy qilib, “Hech qanday sharoitda Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ning mustaqil bo‘lishiga rozilik bermaydi”, — dedi. “Armaniston ikki hafta mobaynida xalqaro hamjamiyatning turli tuzilmalariga murojaat qilmoqda, lekin so‘nggi o‘n kun ichida Yevropa Ittifoqi tomonidan xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi tilga olingan bayonot berilgani yo‘q. Eron, Rossiya va boshqa barcha mamlakatlar esa bu qaror ularning kun tartibiga kirmasligini namoyish qildi”, — deydi ozarbayjonlik siyosatshunos Farhod Mammadov. “Bunday tan olish ikkita oqibatga olib kelishi mumkin, muzokaralar o‘z mazmunini yo‘qotadi va Ozarbayjon bilan urush boshlanadi”, — deb davom etadi ekspert. “Tan olganidan keyin Armaniston Tog‘li Qorabog‘ bilan harbiy ittifoq ham tuzishi aniq, bu de-yure urushga olib keladi. De-fakto Yerevan hozir ham Qorabog‘da urush olib bormoqda, ammo mustaqillik haqida qaror qabul qilinishi urush e’lon qilinishini huquqiy jihatdan rasmiylashtiradi.

Yerevan tan olish bo‘yicha ham o‘ziga ittifoqdoshlar topmaydi, deb ishonch bildiradi ekspertlar. “Qorabog‘ni tan olishda hech qanday zanjirli reaksiya bo‘lmaydi”, — dedi Gushchin. Xess ta’kidlashicha, Ozarbayjon allaqachon Tog‘li Qorabog‘ni tan oladigan har qanday mamlakat bilan diplomatik aloqalarni uzishi haqida aytib o‘tgan. Ayni paytda Fransiyaning Total kompaniyasi Ozarbayjonda o‘z loyihalariga ega, shu faktning o‘zigina ham Parijning mintaqani tan olish yo‘lidagi qaroriga to‘siq bo‘la oladi. Italiya ham Ozarbayjon bilan tijoriy aloqalarga ega, Ispaniya esa Kataloniya omilini hisobga olsa, Tog‘li Qorabog‘ni tan olishi amri mahol. Germaniyaga kelsak, Angela Merkel Yevropada chegaralarni o‘zgartirishga nisbatan o‘zining salbiy munosabati haqida ko‘p bora aytib o‘tgan. “Armaniston va Ozarbayjon Yevropa emas, deyish mumkin bo‘lsa-da, ular Sharqiy sheriklik mamlakatlari ro‘yxatiga kiradi”, — deya qo‘shimcha qilgan ekspert.

Hozircha Qorabog‘ mustaqilligini tan olish zaruriyati haqida Yevropaning alohida shaharlari va AQShning ba’zi shtatlari bayonot bilan chiqqan. 2012—2014-yillarda AQShdagi yettita shtat AQSh prezidenti va kongressini Qorabog‘ni tan olishga da’vat etuvchi rezolyutsiyani qabul qilgan edi. 17-oktabr kuni Italiyaning Milan shahri majlisi ham mamlakat hukumatiga mustaqillikni tan olish va Ozarbayjonni tajovuz uchun qoralashga chaqiruvchi murojaatnoma yubordi. Fransiya parlamenti quyi palatasi deputati Valeri Buayye esa Qorabog‘ni tan olish haqidagi rezolyutsiyani yuqori palataga yubordi.