O‘zbekistonda pandemiya sababli yuzaga kelgan og‘ir sharoitda odamlarni ish bilan ta’minlash rejalarini bajarmagan, yalpi ishlab chiqarishda rejalashtirilgan ko‘rsatkichlarga erishmagan tarmoq rahbarlari, hudud rahbarlari ishdan olinadi va jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni sanoat tarmoqlaridagi 9 oylik natijalar va yil yakunigacha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari barcha sharoitlar yaratib berilgan bir paytda mavjud imkoniyatlardan foydalanmagan rahbar qanday ishlashi mumkinligi haqidagi savolni o‘rtaga tashladi.

“U hozirgi siyosatga xiyonat qilyapti. Ular hozirgi og‘ir sharoitimizni tushunmayotgan odamlar. Dunyoqarashi o‘zgarmagan, vatanparvarligi yo‘q, faqat o‘zini o‘ylaydi. Korrupsiya va oldingi tizim bo‘lsa, ko‘plarga ma’qul. U tizim boshqa bo‘lmaydi. Davlat korxonalari qolmaydi. Davlat korxonalari qoldimi, biz ko‘zlangan marralarga yeta olmaymiz”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning qayd etishicha, ko‘p rahbarlar korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga e’tibor qaratmayapti.