Britaniya bozorlarida o‘zbek qovunlari sotilmoqda. Jami 13 gektar maydonda joylashgan va nafaqat Britaniya, balki butun Yevropada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eng yirik ulgurji bozori bo‘lgan New Spitalfields Market bozoriga 20 tonna O‘zbekistonda yetishtirilgan “torpedo” navli qovun yetkazib berildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

Foto: “Daryo”

“So‘nggi yillarda Yevropa qit’asidagi turli davlatlarda, jumladan, Buyuk Britaniyada O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qiziqish tobora ortib bormoqda. Jahon Exim LLC va britaniyalik tadbirkorlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida o‘zbek qovunining Buyuk Britaniya bozoriga yetkazib berila boshlanishi bunga misol bo‘la oladi”, – deyiladi agentlik xabarida.

“O‘zbekistonda yetishtirilgan qovunlarni birinchi marta Britaniyaga yetkazib berish boshlandi. O‘z ta’mi va sifati bilan mashhur bo‘lgan o‘zbek qovunlari britaniyalik iste’molchilar tomonidan yaxshi baho oladi degan umiddamiz. Kompaniyamiz Britaniyaga yetkazib berilayotgan mahsulotlar turini oshirish uchun harakat qilmoqda. Jumladan, organik va quritilgan, shuningdek, muzlatilgan meva va sabzavotlar eksportini kengaytirishni rejalashtirmoqda”, – degan Jahon Exim Group kompaniyasi direktori Jahongir G‘iyosov.

O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ko‘magi bilan O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Britaniya bozoriga eksport qilish hajmini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Jumladan, elchixona yordamida Britaniyaning atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi (DEFRA) va O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘simliklar karantini inspeksiyasi (“O‘zdavkarantin”) o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilmoqda. 2020-yilning avgust oyida bo‘lib o‘tgan navbatdagi muzokaralardan so‘ng Britaniya tomoni O‘zbekiston Angliyani anor, gilos, olxo‘ri, nektarin, o‘rik, xurmo, olma, nok, uzum, limon, achchiq qalampir va pomidor kabi mahsulotlar bilan ta’minlash imkoniyatlari mavjudligini bildirdi va shu tariqa bu mamlakatga mahsulotlar eksporti boshlandi.

Foto: “Dunyo” axborot agentligi

2020-yil sentabr oyida Londonning Western International Market ulgurji bozorida O‘zbekistonda tayyorlangan quritilgan mevalarning birinchi partiyasi Samarqand viloyatidagi Garden Cells korxonasi va Britaniyaning Vita Plus Ltd kompaniyasi o‘rtasida imzolangan shartnoma doirasida sotilgan.

Dunyo bo‘ylab eng ko‘p yetishtiriladigan poliz mahsulotlaridan biri qovun hisoblanadi. 2018-yilda dunyoning turli mamlakatlarida 1,2 million gektar yerda turli navdagi qovunlar yetishtirilgan va o‘rtacha hosil gektariga 27 tonnani tashkil etgan. Shu yili dunyo bo‘ylab yetishtirilgan qovun savdosining umumiy aylanmasi 27,4 milliard dollarni tashkil etgan. Bundan 1,9 milliard dollarlik, ya’ni 2,3 million tonna qovun eksport qilingan. Qolgan hosil qovun yetishtirgan mamlakatlarning ichki bozorida sotilgan.

Dunyoda qovun yetishtiruvchi davlatlar orasida Xitoy yetakchi hisoblanadi. Mamlakatda 2018-yil 17 million tonna qovun yetishtirilgan. 2-o‘rinda Turkiya (1,8 million tonna), 3-o‘rinda Eron (1,6 million tonna) qayd etilgan.

Sentabrda O‘zbekistondan Niderlandiyaga 60 tonna qovun eksport qilingani haqida xabar berilgandi. 2019-yil sentabr oyidan boshlab O‘zbekiston Xitoyga qovun eksport qila boshlagan.