Slovakiyada aholi COVID-19’ni aniqlash bo‘yicha ommaviy ravishda testdan o‘tkazilishi ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “Korrespondent.net”.

Foto: Tomas Benedikovich

Aholisi 5,5 million kishi bo‘lgan mamlakat hukumati uchta har xil kompaniyadan koronavirusga antitanani aniqlovchi 13 millionta tezkor testga buyurtma bergan.

Bunday testlar natijani 15 daqiqadan keyin ko‘rsatadi. Ularning taxminiy umumiy qiymati 57 million yevroni tashkil etadi. “Bu Slovakiyada va o‘ylaymanki, boshqa hech bir davlatda bo‘lmagan operatsiya bo‘ladi”, — degan mamlakat bosh vaziri Igor Matovich.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, buyurtma qilingan testlarning yarmidan ko‘pi kelasi hafta Slovakiyaga yetkazib berilishi kerak. “Asosiy testdan o‘tkazish ikki haftadan so‘ng — shanba va yakshanba kunlari bo‘lib o‘tadi”, — degan u.

Testdan o‘tkazish bepul bo‘lib, Qurolli kuchlar homiyligida o‘tkaziladi. Uni amalga oshirishga 40 mingdan ortiq kishi jalb qilinadi.

Testlar majburiy tarzda o‘tkaziladimi yoki ixtiyoriy ravishda, hozircha noma’lum. Chunki buning uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri keladi. Slovakiya bosh vaziri testdan o‘tishga aholining kamida 90 foizi kelishini taxmin qilmoqda.

Mamlakatda koronavirus sabab vaziyat og‘irlashgani tufayli 1-oktabrdan buyon favqulodda holat e’lon qilingan.