Londonda koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘paygani tufayli karantin choralari yanada qat’iylashdi. Bu haqda Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Xenkok ma’lum qilgan, deb yozmoqda “RIA Novosti”.

Foto: Depositphotos

14-oktabrdan boshlab uch bosqichli cheklov choralari joriy etilgan, London dastlabki bosqichda joylashgan, shaharda olti kishigacha ko‘chada to‘planish, do‘konlar va restoranlarning 22:00 ga qadar faoliyat yuritishiga ruxsat berilgandi.

“Londonda koronavirusga chalinganlar soni har haftada ikki baravarga ortib bormoqda. Keyinchalik qat’iy karantin choralarini qo‘llamaslik uchun hozirdan harakat qilishimiz zarur. Shahar meri va mahalliy hokimliklar bilan maslahatlashuvlardan keyin London maxsus shkala bo‘yicha ikkinchi yuqori darajaga o‘tkazilishi lozim degan to‘xtamga keldik”, – degan sog‘liqni saqlash vaziri.

Ikkinchi darajadagi hududlarda, jumladan, Londonda 17-oktabrdan boshlab bitta binodan yashamaydigan odamlarning har qanday uchrashuvi, mehmonga borishlar taqiqlanadi. Ochiq havoda olti kishidan ko‘p odamlarning to‘planishiga, jamoat transportidan foydalanishga, shahar va mamlakat bo‘ylab sayohatlarga ruxsat etilmaydi. Fuqarolarga uzoqni yaqin qilishda velosiped yoki samokatlardan foydalanish tavsiya qilingan, hukumat vakillari odamlarga piyoda yurishni maslahat bermoqda.

Cheklovlarning ikkinchi darajasi, shuningdek, Manchester aglomeratsiyasi, Cheshir, Lankashir, Derbishir, G‘arbiy va Janubiy Yorkshir, Birmingem va uning atrofidagi hududlar, Lester, Nyukasl, Nottingem va boshqa aholi yashash punktlariga nisbatan ham joriy qilingan. Esseks grafligi ham London bilan birgalikda ikkinchi darajali taqiqlar joriy etilgan hududlar ro‘yxatiga kiritiladi.