IIV huzuridagi Tergov departamenti Sog‘liqni saqlash vazirligining ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tomonidan Chust tuman tibbiyot birlashmasida masofadan turib o‘tkazilgan monitoring tekshiruvida ayrim shifokorlarning sertifikatlari qalbaki ekanligiga shubha tug‘ilgani va bu borada tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotganini xabar qildi.

Xabarga ko‘ra tekshiruvda bolalar psixiatriyasi, anesteziologiya va reanimatologiyasi, umumiy amaliyot shifokori, nevrologiya, umumiy xirurgiya mutaxassisliklari uchun bir nechta shifokorlarning malaka toifasi berilganligi to‘g‘risidagi sertifikatlar qalbaki ekanligiga shubha tug‘ilgan. Hujjatlar tekshirib ko‘rish uchun olingan hamda malaka toifasi sertifikatlarining qalbakilashtirilgan holatiga aniqlik kiritish uchun Chust tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limiga yuborilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davrida o‘tkazilgan Namangan shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi ekspertiza kriminalistika bo‘linmasi xulosasiga ko‘ra, malaka toifasi sertifikatlaridagi muhrlar izi kompyuter qurilmasining rangli oqimli (struyniy) printeri yordamida tayyorlanganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Chust tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan G.N., S.N., M.J., I.Yu. va O.Z.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi departament xabarida.