“Santos” tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan Robinyo bilan shartnoma bekor qilinganligini e’lon qildi.

Foto: Uol

Braziliya klubi 11-oktabr kuni “Real”, “Milan” va “Manchester Siti” sobiq hujumchisi bilan shartnoma imzolagandi.

Klub rasmiy saytiga ko‘ra, bu harakat futbolchining jinsiy zo‘ravonlik ishi bo‘yicha sud jarayonida o‘z himoyasiga e’tibor qaratishi uchun amalga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil noyabrida Robinyo jinsiy zo‘ravonlik uchun to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Hodisa 2013-yilning 22-yanvarida Milanda sodir bo‘lgan. 2017-yilning 23-noyabrida Milan sudi 33 yoshli futbolchi va yana besh kishini 22 yoshli albaniyalik qizni zo‘rlashda aybdor deb topgandi. Robinyo esa o‘zining aybsiz ekanini va sud hukmi ustidan shikoyat qilishini aytgan.

Ma’lumot uchun, Robinyo o‘tgan mavsumda “Istanbul Bashakshekir” jamoasida to‘p surdi. Braziliyalik forvard Turkiya chempionatining 25 uchrashuvida maydonga tushib, biror marta ham samarali harakatni amalga oshirmadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!