Ikki jilddan iborat, 420 dan ortiq xaritani o‘zida jamlagan, respublikaning barcha sohalarini tavsiflovchi fundamental ilmiy kartografik kitob — O‘zbekiston milliy atlasi respublikada birinchi marotaba yaratilmoqda. Kitob 2020-yilning yakuniga qadar nashr etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Kartografiya ilmiy ishlab chiqarish davlat korxonasida bo‘lib o‘tgan media-turdan “Daryo” muxbiri xabar berdi.
“O‘zbekiston milliy atlasining I jildi respublikaning tabiiy-geografik o‘rni va umumiy xususiyatlari, tabiiy sharoiti va tabiiy resurslari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohalarini aks ettirgan 205 ta xaritani o‘zida jamlagan 3 ta bo‘limdan, II jildi esa respublika aholisi, ijtimoiy sohasi, iqtisodiyoti, tarixini aks ettirgan 219 ta xaritani o‘zida jamlagan 5 bo‘limdan iborat”, – deydi Kartografiya ilmiy ishlab chiqarish davlat korxonasi mutaxassisi Anvar Egamberdiyev.
Mazkur atlasni yaratishdan asosiy maqsad faoliyat olib borayotgan mahalliy va xorijiy korxona va tashkilotlar, davlat idoralari hamda respublika va chet mamlakatlari fuqarolariga respublikaning hududiy tuzilishi, iqtisodiyoti, madaniyati, tarixi, ekologiyasi, ta’lim tizimi, turizmi haqidagi bir qator umumdavlat ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlarni kartografik shaklda yetkazib berishdan iboratligi ta’kidlandi.
Media-turda atlasni yaratishda Kadastr agentligi va Kartografiya IICHDKning 50 dan ortiq mutaxassisi, vazirlik, idoralardan biriktirilgan 40 ga yaqin vakil hamda oliy ta’lim va boshqa ilmiy maqomga ega bo‘lgan tashkilotlardan ekspert sifatida jalb etilgan professor-o‘qituvchilari bilan ishlanayotgani aytib o‘tildi.
Anvar Egamberdiyevning aytishicha, atlas Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-martdagi 204-sonli farmoyishiga asosan yaratilmoqda. Uning taqdimoti yaqin kunlarda bo‘lib o‘tilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)