Koronavirus infeksiyasini remdesivir tajribaviy dorisi bilan davolash bemorlarning o‘limi soniga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazmaydi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining klinik tadqiqotlari guvohlik bermoqda, deb yozadi “RBK”.

Foto: AP Photo

JSST 11,2 ming bemorni davolash jarayonini tekshirib, shunday xulosaga keldiki, hech qaysi dori bemorning yashab ketish imkoniyatlariga ta’sir o‘tkazmagan va o‘pkalarning sun’iy shamollatilishiga ehtiyojni pasaytirmagan.

Bunda gap nafaqat remdesivir, balki gidroksixloroxin, lopinavir va interferon haqida ham bormoqda. Bundan tashqari, JSST tadqiqoti bu dorilar COVID-19’ga chalingan bemorning kasalxonada yotish vaqtini deyarli qisqartirmasligini ko‘rsatdi.

Remdesivir Amerikaning Gilead Sciences farmakologik kompaniyasi tomonidan dastlab Ebola bezgagiga qarshi vosita sifatida ishlab chiqarilgan. Apreldagi sinovlardan keyin u AQShda va Yevroittifoqda COVID-19 bilan kasallanish holatida qo‘llash uchun ma’qullandi. AQSh Milliy salomatlik institutlari remdesivir davolanish vaqtini o‘rtacha 15 kundan 11 kungacha qisqartirishini aytgan edi. Gilead Sciences iyulda e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dori koronavirusdan vafot etish ehtimolini kamaytiradi. Ammo bular nazorat tadqiqoti tomonidan tasdiqlanmadi.

Eslatib o‘tamiz, remdesivir Yevropa Ittifoqida ruxsat olish uchun tavsiya qilingan koronavirusga qarshi ilk dori vositasi hisoblanadi. Janubiy Koreya ham 1-iyuldan boshlab remdesivir dori vositasini sotib olishni boshlagandi. O‘zbekistonda ham profilaktika, kasallikning yuqishini oldini olish maqsadida ishlatish mumkin bo‘lgan dorilar qatorida remdesivir bor. JSST remdesivirni koronavirusga qarshi kurashda “umid uyg‘otuvchi” dori vositasi deb atagan. Preparat koronavirus ko‘payishini bloklash xususiyatiga ega ekanligi kanadalik olimlar tomonidan aprel oyida aniqlangandi. AQSh remdesivir preparatining deyarli barcha zaxirasini sotib olayotganini ma’lum qilgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ham koronavirusdan remdesivir dorisi orqali davolangan. Amerika prezidentini davolovchi shifokor Shon Konlining ma’lum qilishicha, Trampning organizmida kislorod darajasi 93 foizgacha tushib ketganidan so‘ng deksametazon qo‘llanilgan. Shifokorlar steroidni 3-oktabr kuni remdesivir preparatining ikkinchi dozasi bilan birga qo‘llashni boshlagan, Trampda ikkilamchi ta’sirlar aniqlanmagan.