Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, soxta 100 ming so‘mlik pullar firibgarlar tomonidan qalbakilashtirilgan va muomalaga kiritilgan. Bu haqda Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining “Fakt 24” dasturida ma’lum qilindi.

Foto: “Daryo”

Shu munosabat bilan mutaxassislar haqiqiy 100 ming so‘mlikni soxtasidan qanday ajratish kerakligi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, birinchidan, pulning qog‘oziga e’tibor berish kerak. Haqiqiy kupyuraning qog‘ozi soxtasidan ko‘ra yupqaroq bo‘ladi.

Ikkinchidan, haqiqiy kupyuraning old tomoni chap yuqori burchagida o‘zgaruvchan rangda 100 000 soni mavjud. Unga yorug‘likning turli burchaklaridan qaralganda sonni pushti rangdan tilla ranggacha o‘zgarishini kuzatish mumkin.

Shuningdek, haqiqiy kupyuraning old qismidan qaralganda o‘ng tarafda Mirzo Ulug‘bek haykali bosh qismining tasviri tushirilgan bo‘ladi. Pulni yorug‘likka yo‘naltirib qaralganda tasvir kupyuraning ichida ekani ma’lum bo‘ladi. Qalbaki pullarda bu tasvir bo‘lmaydi yoki kupyuraning tashqi qismida bo‘ladi.

Shu bilan birga, ushbu kupyurani haqiqiy ekanini ko‘zi ojizlar ham tekshirish imkoniyati bor. Ya’ni kupyuraning old tomoni o‘ng pastki burchagidagi 100 000 soni qavariq tarzida ishlangan.

Qayd etilishicha, nafaqat 100 ming so‘mlik kupyurani, balki AQSh dollarini ham soxtalashtirish holatlari uchrab turibdi. Xususan, Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro uy oldi-sotdisini AQSh dollarida amalga oshirgan vaqtida pullarning ichidagi ba’zi kupyuralar unda shubha uyg‘otadi va u mutaxassislarga murojaat qiladi.

Tekshiruvlar natijasida haqiqatan ham pullar ichida 3 dona 100 AQSh dollari soxta ekani aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 176-moddasiga ko‘ra, qalbaki banknotlar metall tangalar, aksiz markalar, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar yasash va ularni muomalaga kiritish holatlari aniqlansa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinish jazosi qo‘llaniladi.

Avvalroq Buxoroda salkam 100 ming dollarlik qalbaki valyutani sotishga uringanlar qo‘lga olingani xabar qilingandi.